Endi 18 yoshli qizlar majburiy harbiy xizmatga boradi. Daniyada!
Olam
−
27 mart
28321Daniya hukumati ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni joriy etmoqda. Bu haqda joriy yilning 25 mart kuni mamlakat Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan daniyalik ayollar 2025 yilning iyul oyidan boshlab harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.
“Mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasidagi hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda Qurolli kuchlar ko‘proq yangi askarlarni jalb qilishi kerak”, degan Mudofaa vaziri.
Qolaversa, Daniya Qurolli kuchlari shtabining amaldagi boshlig‘i Maykl Xildgard ham ushbu chora mudofaa uchun zarurligini ta’kidlagan.
“Daniya Qurolli kuchlari biz safarbar qila oladigan barcha jangovar kuchlarga muhtoj. Buning uchun butun jamiyatdan odamlarni jalb qilishimiz kerak. Ayollarning da’vati bilan biz eng qobiliyatli va g‘ayratli daniyalik yoshlarni jalb qilish imkoniyatimizni kengaytirmoqdamiz. Jinsiga bog‘liq emas. Xilma-xillik vazifalarni hal qilishni kuchaytiradi va kuchliroq mudofaa yaratadi”, degan u o‘z nutqlaridan birida.
Qayd etilishicha, dastlab daniyalik ayollar 2027 yildan boshlab harbiy xizmatga chaqirilishi rejalashtirilgan edi. Xuddi shu qarorda majburiy harbiy xizmat muddati to‘rt oydan o‘n bir oyga uzaytirilgan. Ayni paytda ayollar Daniya Qurolli kuchlarida faqat ko‘ngilli asosda xizmat qilmoqda.
“Daniyada majburiy harbiy xizmatga chaqiruv faqat yetarli miqdordagi ko‘ngillilar to‘plangan taqdirdagina amalga oshiriladi. Kimlar chaqirilishi har yili o‘tkaziladigan lotereya orqali aniqlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya hukumati va parlamenti Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar jo‘natish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi