Elmira Bositxonova: “Qizlarning turli qiziqishlari bo‘yicha assotsiatsiyalar tuzish kerak”
Jamiyat
−
18 fevral 2020
3457Avvalroq, Toshkentda “O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimlik vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlagani haqida xabar bergan edik.
Konferensiyada Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova nutq so‘zlab, ayollarning savodxonligi va ijtimoiy hayotdagi o‘rni o‘sib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.
"O‘tgan yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Oliy ta’lim sohasida talaba qizlarning soni oshgan. Ularning ulushi 40 foizni tashkil etdi. 2011 yil, ya’ni deyarli 9 yildagi ko‘rsatgich bilan taqqoslaganda, atigi 4 foizga ko‘paygan. Xotin qizlarning savodxonlik darajasi esa, qarang qanday zo‘r raqam, 99.98 foizni ya’ni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatgichlardan birini tashkil etgan", deydi Bositxonova.
Shuningdek, Elmira Bositxonova nutqi davomida ayollarning ijtimoiy hayotdagi rolini oshirish uchun yanada ko‘proq harakat qilish kerakligini aytib o‘tdi.
"Biz siyosat va hukumatda ham ayollar sonini oshirishga chaqirishdan to‘xtamasligimiz kerak. Chunki ayollarning oliy ma’lumot olishining o‘zi yetarli emas. Ayol ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol bo‘lib namuna ko‘rsatsagina, mamlakatimizda ilm olishga qiziqadigan qizlarimiz soni ko‘payadi", deb ta’kidladi qo‘mita raisi.
Bositxonova o‘z nutqi davomida qizlarning turli qiziqishlari bo‘yicha assotsiatsiyalar tuzish kerakligi taklifini ilgari surdi.
"Qizlarning professional faoliyat sohasini tanlashini tahlil qilish, aniqlangan muommolarni bartaraf etish, ayollarning, ayniqsa, yosh qizlarning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ular qiziqishining turli yo‘nalishlari bo‘yicha assotsiatsiyalar tashkil etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqsak ham bo‘ladi deb o‘ylayman", deydi Bositxonova.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi