O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar PA a’zosi bo‘ladi – Akmal Saidov
Jamiyat
−
18 fevral 2020
3964O‘zbekiston joriy yilda Turkiy tilli davlatlar Parlamentlar assambleyasiga qo‘shiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Toshkentda o‘tayotgan “O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimlik vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.
"Parlament diplomatiyasini rivojlantirish har ikkala palatamizning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda biz ikki yo‘nalishni ko‘ryapmiz. Birinchidan, xalqaro parlamentlararo tashkilotlardagi faoliyatimizni kuchaytiramiz. Mana erta-indin bizning delegatsiya yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentaro assambleyasida ishtirok etishadi. Bundan tashqari, Parlamentaro ittifoq faoliyatida, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Parlamentlararo assambleyasida ishtirok etamiz. O‘zbekiston parlamenti Turkiy tilli davlatlar parlamentlararo assambleyasining ham to‘la qonli a’zosi sifatida faoliyat yurita boshlaydi", deya Akmal Saidovning so‘zlarini keltirdi QALAMPIR.UZ muxbiri.
Akmal Saidov nutqi davomida 50 ming odamga fuqarolik berish masalasi ham ustuvor vazifalardan ekanini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy hokimiyat vakillik organlari, vazirlik va idoralar, sud tizimi, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyalar, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi konsalting kompaniyalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
LiveBarchasi