O‘zbekistonda har 100 ming kishiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri keladi
Jamiyat
−
02 noyabr
3047Bugungi kunda O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar soni har 100 ming aholiga hisoblaganda 68 nafarni tashkil etadi. Bu haqda joriy yilning 31 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Gender sezgir jazoni ijro etish muassasalari boshqaruvi strategiyalari: ilg‘or tajriba va asosiy muammolar” mavzusidagi tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar orasida eng past darajada bo‘lib, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasidir.
Tadbir davomida zamon talablariga javob bermaydigan 4 ta koloniya, jumladan, aholi orasida salbiy nom topgan “Toshturma” va “Jasliq” koloniyalari tugatilgani, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llanilgan shaxslarni sog‘lom ijtimoiy hayotga yo‘naltirish maqsadida 2019 yil 1 yanvardan boshlab probatsiya faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Burhonxo‘ja Akromovning ma’lum qilishicha, tergov hibsxonalari va yopiq turdagi koloniyalarda advokatlar uchun alohida 69 ta xona tashkil etilgan. Ombudsman va Biznes-ombudsman bunday muassasalarga hech qanday to‘siqsiz kirish imkoniyatiga ega bo‘lgani aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Lipetsk viloyatida o‘zbekistonlik mahkumlar tunnel qazib, koloniyadan qochib ketgani xabar qilingandi. Federal Jazoni ijro etish xizmati hududiy boshqarmasi koloniya hududini aylanib o‘tish chog‘ida tunnel topilgani, shundan so‘ng ular mahkumlar sonini sanashgani va olti kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr