Akmal Saidov BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi
Jamiyat
−
01 iyun
5912O‘zbekistondagi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi tarkibiga saylandi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29 may kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo‘mitasining 2025-2028 yillar uchun 9 nafar a’zosini saylash bo‘yicha saylovlar bo‘lib o‘tgan.
Saylovda O‘zbekiston bilan birga 16 ta davlat – Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o‘rin uchun kurash olib borgan.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo mamlakatlardan eng ko‘p ovoz olgan.
Ta’kidlash joizki, Akmal Saidovning Inson huquqlari qo‘mitasiga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a’zo bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Inson huquqlari qo‘mitasi – BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo‘lib, a’zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi. Ushbu paktga 173 ta davlat a’zo. O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995 yilda qo‘shilgan. Qo‘mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘liq hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.