Elmira Bositxonova onalar o‘limini kamaytirishga va’da berdi
Salomatlik
−
14 noyabr 2023
6974O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova Oliy Majlis deputatlariga so‘z berib, 2030 yilga kelib mamlakatda onalar va go‘daklar o‘limini 2 baravarga kamaytirishni va’da qildi. Bu haqda u Qonunchilik palatasining bugun, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida gapirdi.
Gap shundaki, yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 2023 yilning yanvar – sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi. Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 1 foizga oshgan.
Deputatlar majlisda qatnashayotgan SSV vakillariga yuzlanib, onalar o‘limiga olib kelayotgan asosiy sabablar bo‘yicha hisob so‘radi. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning fikricha, onalar o‘limiga uch omil sabab bo‘lmoqda.
“Bugungi kunda go‘daklar o‘limi kamaygan, lekin 9 oyda onalar o‘limining ko‘paygani bo‘yicha biz har birini tahlil qildik va bu uch yo‘nalishdagi kamchiliklarimiz hisobiga:
• birinchi muammo – oilada tug‘ish yoshidagi ayolllar va homiladorlarga bo‘lgan munosabat va ayolning o‘z salomatligiga bo‘lgan munosabati;
• ikkinchi muammo – ambulator tizimda tibbiy brigada tomonidan har bir homilador va har bir tug‘ish yoshidagi ayolni qamrab olishdagi xatolarimiz, kamchiliklarimiz;
• uchinchi muammo – tug‘uruq komplekslarimizdagi shifokorlarimiz og‘ir holatlarda eng zamonaviy protokollarga rioya qilishdagi kamchiliklari”, deydi vazir o‘rinbosari.
Uning qayd etishicha, 2024 yildan tizimga 8,5 ming nafar birlamchi tizim doyasi shtat birligi kiritildi.
“Bu juda muhim masala. Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifda ham doyalarni xalqaro sertifikat olish uchun tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdilar”, deydi Bositxonova.
Uning qo‘shimcha qilishichav, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘zbekistonlik 200 dan ortiq anesteziolog-reanimatolog, akusher-genekolog, neonatolog Moskvadagi akademik V.I.Kulakov nomidagi akusherlik, ginekologiya va perinatologiya milliy tibbiy tadqiqot markazida o‘qib kelgan. Ayni vaqtda ham o‘nlab tibbiyot xodimlari xorijda malaka oshirmoqda.
Emira Bositxonova so‘zida davom etarkan, deputatlarga quyidagicha va’da berdi:
“Har bir onalar o‘limi holati vazirlikning e’tibori markazida. Men deputatlar oldida so‘z beraman: biz 2030 yilda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan marraga, ya’ni onalar va go‘daklar o‘limini 2 baravar kamaytirishga to‘liq erishamiz”.
Onalar o‘limi bo‘yicha raqamlarning 2022 yilga nisbatan o‘sish holatlari hududlar kesimida quyidagicha:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 13 foizdan 24,7 foizga;
• Andijon viloyatida – 7,9 foizdan 13,6 foizga;
• Sirdaryo viloyatida – 11,6 foizdan 45,6 foizga;
• Toshkent shahrida – 11 foizdan 15,7 foizga;
• Samarqand viloyatida – 7,3 foizdan 12,9 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda O‘zbekiston go‘daklar o‘limi reytingida 193 ta mamlakat orasida 113-o‘rinni egallagandi.
LiveBarchasi