O‘zbekistonda qancha voyaga yetmagan qiz homilador bo‘lib qolgani nega yashirilyapti? Vaziyat shu qadar jiddiymi?
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
23616Joriy yilning 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotini eshitishga bag‘ishlangan yig‘ilishida QALAMPIR.UZ Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan 2021 yil O‘zbekistonda qancha voyaga yetmagan qiz ona bo‘lgani haqida so‘radi.
“Erta turmush va erta tug‘ruq faqatgina SSV tizimining emas, balki oila, jamiyat, mahalla va Xalq ta’limi vazirligining ham muammosidir. Men bu masala bo‘yicha uzoq vaqt dunyo tajribasini o‘rganganman. Dunyo mamlakatlarida bu yo‘nalish ikkiga bo‘linadi. Birinchi yo‘nalish: erta tug‘rug‘i ko‘p bo‘lgan mamlakatlar. Qizlar tarbiyasidagi erkinlik, erta yetilish. Bu borada hech qanday milliy va oila qadriyatlari, tarbiya masalalari yo‘q. U yerda erta tug‘ruq darajasi juda baland. Ikkinchi yo‘nalish, Afrika mamlakatlarida 11, 12 yosh qizlarni erta turmushga berib yuborishadi.
O‘zbekiston erta tug‘ruq bo‘yicha 200 ta mamlakat ichida 150-o‘rinlarda turadi. Lekin bu degani bizda bu holatlar bo‘lmaydi, kuzatilmaydi degani emas. Erta tug‘ruq va erta turmush nafaqat SSVda balki Senatda ham alohida o‘rganiladi. Men bu borada bir necha bor axborot ham berganman. Rostini aytsam, hozir aniq raqam esimda yo‘q”, deb javob berdi Elmira Bositxonova.
Shu o‘rinda, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Bositxonovaning javobiga qo‘shimcha ravishda o‘zida tegishli statistikalar borligini ochiqladi.
“Biz bu bo‘yicha ma’lumot olganmiz. Agar bog‘lansangiz, beramiz. 2020 va 2021 yillar bu holat qaysi hududda kamaygani va qaysida ko‘payganini solishtirib chiqqanmiz", degandi Qodirxonova.
QALAMPIR.UZ statistika ma’lumotlarini olish maqsadida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bilan bog‘lanib, qo‘mita raisi Malika Qodirxonova berishni aytgan ma’lumotlarni so‘radi. Qo‘mitadan telefon orqali javob bergan shaxs, bu masalada Malika Qodirxonova bilan gaplashgani, ammo qo‘mitada erta tug‘ruq haqidagi ma’lumotlar bo‘lsa-da, bu statistikani bera olmasligini ma’lum qildi. Qo‘mita vakili bu raqamlarning oshkor qilinishi O‘zbekistonning imijiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib, qutuldi.
Bugun ochiq-oshkoralik, haqiqat haqida bot-bot gapirilayotgan bir paytda, parlamentda faoliyat olib borayotgan senatorning ba’zi statistik hisoblarni sir saqlashi, o‘zlari ma’lumot berishni aytib, keyinroq bundan bosh tortishi nechog‘lik to‘g‘ri? Senat qo‘mitasi O‘zbekiston imiji haqida qayg‘urar ekan, vaziyatni ochiqlab, odamlarning ko‘zini ochishi kerak emasmi?
LiveBarchasi