Nikohlanuvchilar pulli irsiy laborator tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin
Jamiyat
−
30 noyabr 2021
8056
Nikohdan avvalgi tekshiruvlarga javob beradigan har bir reproduktiv salomatlik markazi tarkibida “Klinik genetik” lavozimi joriy etiladi. Sulolasida irsiy kasalliklari mavjud yoshlar ixtiyoriy tarzda pulli asosda tekshiruvlardan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova kecha, 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Nikohdan avvalgi bosqichda mahalla va jamiyat bilan ko‘p tarmoqli markaziy, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlarning o‘zaro hamkorligi yo‘q. Aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni shakllantirishda hamkorlik va tizim yetarli emas. Biz bu narsaga qanchalik yuzaki qaramaylik, dunyo tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, oila sog‘lom bo‘lishi uchun, albatta, jamiyatning munosabati bu borada juda katta ahamiyatga ega”, deydi Bositxonova.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari so‘zida davom etib, nikohdan avvalgi tekshiruvlarga javob beradigan reproduktiv salomatlik markazi aholining 40 foizinigina qamrab olganini aytdi.
“Yana muammolarimizdan biri amublator tizimda akusher-ginekolog va pediatrlar qisqartirilgan. Natijada ayollar va qizlarni sog‘lomlashtirish sifati yetarli darajada emas. Ilk homiladorlik patologiyasining ko‘rsatkichi 10 foiz bo‘lyapti. Demak, turmush qurgan qizlarimizning 10 foizi qandaydir bir kasallikka yo‘liqqan. Qizlar oila qurush uchun tibbiyot nuqtai nazaridan tayyor emasligini ham ko‘ryapmiz. Reproduktiv salomatlik markazi aholining 40 foizinigina qamrab olgan. FHDYO va mahalla hamkorligi mavjud emas. Men bu to‘g‘risida alohida aytmoqchiman, Senatning aralashuvi bilan 365-qarorga o‘zgartirishlar kiritildi. 2022 yilning birinchi choragidan biz reproduktiv salomatlik markazi orqali FHDYO organlari bilan bitta elektron bazaga kiramiz. Ariza topshirgan yoshlar faqat yagona elektron dastur orqali to‘liq tekshiruvlardan o‘tadi. Demak, FHDYO bilan tibbiyot xodimlarining hamkorligi shu orqali tiklanadi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Elmira Bositxonova reproduktiv salomatlik markazlaridagi ish uslubi samarasiz va eski shaklda ekani, shuningdek, kadrlar salohiyati va moddiy texnika bazasi yetarli emasligini ta’kidladi.
“Biz dunyo tajribasini o‘rgandik, ko‘pgina mamlakatlarda irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida, kimningdir qarindosh-urug‘ida irsiy kasalliklar uchragan bo‘lsa, kelin va kuyov majburiy emas, ixtiyoriy tarzda genetik tekshiruvlardan o‘tadi.
Shuning uchun Senatning yordami bilan har bir reproduktiv salomatlik markazining tarkibida klinik genetik lavozimi joriy etiladi.Klinik genetik ikki yosh bilan gaplashib, uning sulolasida qanday holatlar bo‘lganini so‘rab surishtirib, genetik laborator tekshiruvlaridan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Genetik laboratoriya tekshiruvlarini aholi uchun bepul o‘tkazish masalasi ko‘tarilyapti. Men buni qo‘llab-quvvatlashdan sal yiroqman. Chunki bugun dabdaba bilan to‘ylar o‘tkazilyapti, hatto oddiy bir tort ham falon million so‘mga buyurtma qilinyapti. Isrofgarchiliklar bor. Oilaning sog‘lom bo‘lishi uchun tekshiruv esa 400 ming so‘m atrofida bo‘lishi taxmin qilinyapti. Buni ham davlat ko‘tarishi juda qiyin masala”, deydi Elmira Bositxonova.
Tadbir davomida, 2021 yil farzand tug‘ilgandan so‘ng bolalar nogironligi 8587 nafar, asoratli homiladorlik 157 646 nafarni tashkil etgani haqida malumot berildi.
LiveBarchasi