O‘zbekistonda “ZAGS”siz nikoh o‘qiganlarga jinoiy javobgarlik belgilandi
Jamiyat
−
01 noyabr 2023
14244Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 31 oktyabr kuni imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani haqida xabar bergan edik. Jinoyat kodeksiga kiritilgan mazkur o‘zgartirish bilan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida rasmiylashtirilmagan, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:
• bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 75 baravaridan 150 baravarigacha (24 million 750 ming so‘mdan 49 million 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shuningdek, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:
• BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha (99 million so‘mdan 198 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy e’tiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish:
• 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan hamda ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilgan shaxsga nisbatan jarima belgilangan edi.
LiveBarchasi