Samarqandda tirik ayol o‘likka chiqarildi (video)
Jamiyat
−
21:03 2821 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida yashovchi ayolning videomurojaati tarqaldi. U o‘z murojaatida nobud bo‘lgan homilasiga qo‘shilib, elektron hujjatlarda o‘likka chiqarilganini aytgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, Bulung‘ur tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro M.M. 2022 yil 18 avgust kuni Bulung‘ur tumani sog‘liqni saqlash bo‘limiga qarashli tug‘ruq bo‘limiga og‘ir holatda, bachadondan qon ketishi shikoyati bilan murojaat qilgan. Shoshilinch tibbiy tekshiruvlar natijasida homilaning ona qornida nobud bo‘lgani aniqlangan.
Shundan so‘ng, bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, nobud bo‘lgan homila tug‘dirib olingan hamda antenatal o‘lim holati belgilangan tartibda qayd etilgan. Ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish jarayonida davolovchi shifokor Ra’no G‘ofurova tomonidan yo‘l qo‘yilgan texnik xato oqibatida fuqaroning pasportidagi JSHSHIR raqami nobud bo‘lgan farzandining ma’lumotlariga biriktirib qo‘yilgan.
2023 yilda fuqaro M.M. ikkinchi farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish jarayonida elektron ma’lumotlar bazasidagi mazkur xatolik sababli muammoga duch kelgan. Shundan so‘ng, tuman tibbiyot mas’ullari hamda FHDYO organlari xodimlari tomonidan fuqaroning ma’lumotlar bazasidagi xatolik bartaraf etilgan. Mazkur kamchiliklar tuzatilgandan so‘ng, 2023 yil oxirida fuqaro M.M. ning shaxsini tasdiqlovchi yangi hujjat – ID-kartani rasmiylashtirish jarayonida u bilan bog‘liq hech qanday muammo yoki to‘siqlar yuzaga kelmagan.
“Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgan fuqaro M.M. bilan bog‘liq holat Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganildi.Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda elektron ma’lumotlar bazasida Face ID tizimi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi