Samarqandda “SSSRning so‘nggi fuqarosi”ga ID-karta berildi

Jamiyat

image

Bugun, 14 mart kuni Adliya vazirligi tomonidan SSSR pasporti bilan yashab kelgan ayolga ID-karta berildi. Bu haqda vazirlikning Telegram-kanalida xabar berildi. 

Ma’lum qilinishicha, 1972 yil 21 dekabrda Nurota tumanida tug‘ilgan Onarxol Kubayeva bir muddat Qo‘shrabot tumanining Quvkalla mahallasida yashagan. U 1992 yilda Payariq tumanidagi Nakurt mahallasiga kelin bo‘lib tushgan.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro uzoq yillar davomida sobiq ittifoq – SSSR pasporti bilan yashab kelgan. Bunga e’tiborsizlik va oilaviy sharoitlarning yetarli bo‘lmagani sabab bo‘lgan. Shuningdek, u shu vaqtgacha mahalla fuqarolar yig‘ini, ichki ishlar organlari yoki FHDY bo‘limlariga murojaat qilmagan.

Mazkur holat aniqlangach, Qo‘shrabot va Payariq tuman adliya bo‘limlari hamda Payariq tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hamkorlikda zarur choralarni ko‘rgan. Natijada 2026 yil 14 mart kuni Onarxol Kubayevaga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartasi rasmiylashtirib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 10 yildan ortiq hujjatsiz yashagan o‘zbekistonlik fuqaro ortga qaytarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

pasport Adliya vazirligi ID-karta Payariq tumani Nurota tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing