Pasportsiz xorijga chiqishi mumkin bo‘lgan 3 kishining kimligi aytildi

Olam

image

Dunyoda xalqaro chegaradan pasportsiz o‘tishi mumkin bo‘lgan uch kishi bor, ular Buyuk Britaniya qiroli Charlz III hamda Yaponiya imperatori Naruxito va imperator xonimi Masakodir. Bu haqda “The European Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Charlz III Buyuk Britaniya taxtiga o‘tirganidan so‘ng ushbu imtiyozga ega bo‘lgan. Britaniya qirollik oilasining rasmiy saytida monarx xorijga safar qilish uchun Britaniya pasportiga muhtoj emasligi qayd etilgan.

Bunga sabab – Britaniya pasportlarida qirol nomidan xorijiy davlatlar vakillariga ushbu hujjat egasiga mamlakatga kirishda to‘sqinlik qilmaslik, zarur bo‘lsa, unga yordam va himoya ko‘rsatishni so‘rovchi rasmiy murojaat bo‘lishi bilan izohlanadi. Shu sababli qirolning o‘zi bunday pasportga ega bo‘lishi shart emas.

Mazkur imtiyoz avval qirolicha Yelizaveta II ga ham tegishli bo‘lgan. U vafot etganidan keyin ushbu huquq yangi monarx Charlz III ga o‘tgan. Kelajakda Britaniya taxtiga boshqa qirol yoki qirolicha keladigan bo‘lsa, qoida unga ham tatbiq etiladi. Biroq qirolning rafiqasi qirolicha Kamilla bu imtiyozdan foydalana olmaydi. Qirollik oilasining boshqa a’zolari, jumladan Uels shahzodasi Uilyam ham pasportga ega.

Yaponiya imperatori Naruxito va uning rafiqasi Masako uchun esa pasportsiz safar qilish tartibi boshqacha asosga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1971 yilda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi imperator Xiroxito va uning rafiqasi Kojunning xorijga tarixiy safari oldidan imperator yoki imperator xonimi uchun oddiy yoxud diplomatik pasport berish hamda ularni odatiy pasport va viza tartib-taomillaridan o‘tkazish “o‘ta noo‘rin” bo‘lishini belgilagan.

Shundan buyon Yaponiya imperatori va imperator xonimi xalqaro safarlarda pasportsiz harakatlanadi. Biroq bu ular xorijga hech qanday hujjatsiz boradi degani emas. Safar oldidan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi boriladigan davlatni diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi va zarur rasmiy tartib-taomillar davlatlar o‘rtasidagi maxsus hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Yaponiya imperator oilasining boshqa a’zolari esa bunday imtiyozga ega emas. Ular, jumladan xorijiy rasmiy tashriflar vaqtida, diplomatik pasportlardan foydalanadi.

Shu tariqa, Charlz III, Naruxito va Masako xalqaro safarlar vaqtida odatiy pasportdan foydalanmaydigan 3 nafar amaldagi davlat arbobi sifatida qayd etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Henley Passport Index reytingida Singapur 192 ta davlatga vizasiz kirish imkoniyati bilan birinchi, Yaponiya hamda Janubiy Koreya esa 187 tadan davlat bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing