ID-karta yoki pasportning aslini taqdim etish shart! – YHXX
Jamiyat
−
07 iyul 6958 2 daqiqa
Transport vositasini boshqarish davomida haydovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlariga biometrik pasport yoki ID-kartasining asl nusxasini taqdim etishlari shart. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1 iyulidan boshlab YPX xodimlari mashinani to‘xtatsa, haydovchilar pasport yoki ID-kartasining elektron shaklini taqdim etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu xabarga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, haydovchilar yo‘l-patrul xizmati xodimlariga biometrik pasport yoki ID-kartasining asl nusxasini taqdim etishlari shart bo‘ladi. Hattoki 1 iyuldan keyin ham.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va ijtimoiy karta mobil ilovasidagi 17 turdagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilishi belgilangan. Ushbu raqamli servislarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatishda hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmasligi belgilangan.
Joriy tartib yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi ma’muriy amaliyot markazi yoki ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlarida amal qiladi.
“Biroq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, yo‘l-patrul xizmati inspektorlariga haydovchilar transport vositasini boshqarish davomida biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining asl nusxasini taqdim etishlari shart”, deyiladi munosabatda belgilangan hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etilishi kerakligiga asos qilib.
Ta’kidlanishicha, pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lgan taqdirda, haydovchilik guvohnomasini, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida, shuningdek, transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, sug‘urta polisini, oynalar tusini o‘zgartirish, qoraytirish uchun tegishli ruxsatnomani haydovchilar yonida olib yurishi talab etilmaydi.
Live
Barchasi