O‘zbekistonda barcha hayvonlar pasport olishi shart bo‘ladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 7 avgustidan boshlab O‘zbekiston hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerak. Bu haqda 2025 yilning 6 avgust kuni qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Qonunga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli davlat organ hisoblanadi.

Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning quyidagi muddatlari belgilangan:

  • qoramol, ko‘y, echki va tuyalar – tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
  • otlar – tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
  • cho‘chqalar tug‘ilganidan – 1 oydan keyin;
  • itlar va mushuklar – tug‘ilganidan 3 oydan keyin. 

Bunda hayvonlar ko‘rsatilgan muddatlar tugaganidan keyin 1 oydan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak.

Saqlash va (yoki) ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonga olib kiriladigan hayvonlar olib kirilgan sanadan e’tiboran 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi lozim.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar so‘yilgan (nobud bo‘lgan, o‘lgan, yo‘q qilingan) yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilgan taqdirda 7 kunlik muddatda hisobdan chiqariladi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga qaratilgan tadbirlar hayvonlar egalarining o‘z mablag‘lari, homiylik xayriyalari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Hayvonlarning egalaridan to‘lov undirmasdan hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish tartibi hamda bosqichlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu qonun 12-moddasining ikkinchi qismi 2028 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi. Unga ko‘ra, hayvonning egasi:

  • hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
  • o‘ziga tegishli bo‘lgan hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va hisobdan chiqarish uchun, shuningdek hayvonning egasi almashgan taqdirda qayta ro‘yxatga olish uchun vakolatli davlat organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda elektron tarzda yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi;
  • identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarning saqlanishiga va (yoki) ko‘paytirilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Hayvonning egasi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing