Bugundan barcha hayvonlarga pasport olish kuchga kirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi haqida xabar berilgan edi. Bugun, 7 avgust kunidan boshlab ushbu talab rasman kuchga kiradi. Bu haqda “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Mazkur qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning aniq muddatlari belgilangan. Jumladan, qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan 14 kundan keyin, otlar 4 oydan keyin, cho‘chqalar 1 oydan keyin, itlar va mushuklar esa 3 oydan keyin identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi lozim.

Bunda hayvonlar belgilangan muddatlar tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan hayvonlar kiritilgan sanadan boshlab 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi shart.

Qonunga muvofiq, O‘zbekistonda saqlanadigan va ko‘paytiriladigan hayvonlar so‘yilgan, nobud bo‘lgan, o‘lgan, yo‘q qilingan yoki mamlakat hududidan tashqariga olib chiqilgan taqdirda, ular 7 kunlik muddatda hisobdan chiqariladi.

Shu bilan birga, vakolatli davlat organining vakili hayvon egasining murojaati asosida 5 ish kuni ichida hayvonni identifikatsiya qilishi va ro‘yxatdan o‘tkazishi lozim.

Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi belgilangan.

Mazkur tartib orqali hayvonlar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron axborot tizimida yuritish, ularning kelib chiqishi, harakati va kasalliklari haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkoniyati yaratiladi. Hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron axborot tizimiga kiritiladi. Ushbu tizimda hayvonning egasi, identifikatsiya raqami, hayvon haqidagi ma’lumotlar, uning harakati, shuningdek kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashga oid ma’lumotlar saqlanadi.

Bundan tashqari, qonunning 12-moddasi ikkinchi qismi 2028 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, hayvon egalari hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish talablariga rioya qilishi, belgilangan tartibda vakolatli davlat organiga murojaat qilishi hamda identifikatsiya qilinmagan va ro‘yxatga olinmagan hayvonlarni saqlashi yoki ko‘paytirishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing