Farg‘onadagi “dom”ning yerto‘lasida akula boqilayotgani aniqlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida sun’iy hovuz o‘rnatilib, unda akula boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

 

Inspeksiya Farg‘ona shahrining “Muruvvat” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda monitoring o‘tkazgan. O‘rganishlar davomida 78-uyning 17-xonadon mulkdori ko‘p kvartirali uy yerto‘lasida sun’iy hovuz o‘rnatib, unda akula boqayotgani aniqlangan.

Shuningdek, yerto‘laga katta hajmdagi basseyn va suv quvuri o‘rnatilib, baliq boqilayotgani, yerto‘laning turli qismlari to‘silib, umumiy foydalanishdagi maydon o‘zboshimchalik bilan egallab olingani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan mulkdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilgan. Yerto‘lani 15 kun ichida bo‘shatib, avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Bundan tashqari, xonadonda ichimlik suvidan o‘zboshimchalik bilan foydalanilgani ham aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasi (vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) 1-qismi asosida ma’muriy jarima rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, ko‘p kvartirali uylarning umumiy foydalanishdagi hududlari, jumladan, yerto‘lalaridan qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda foydalanish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Katta Farg‘ona magistral kanalida timsohlar yurgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing