Elektr sarfini hisoblashda xatoliklar yuzaga kelmoqda
Jamiyat
−
09 avgust
11513Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi bo‘yicha ayrim iste’molchilarda aslida haqdor bo‘lsa-da, tizimda qarzdorlik ko‘rinishi holatlari uchrayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yangi ishga tushirilayotgan HET Billing tizimida texnik ishlar olib borilayotganligi sababli ayrim iste’molchilarda aslida haqdor bo‘lsa-da, tizimda qarzdorlik ko‘rinishi holatlari yuzaga kelmoqda. Mazkur holatda iste’molchilar tarmoqdan ajratilmaydi. Texnik ishlar yakunlangach, muammo bartaraf etilishi haqida fuqarolar xabardor qilinadi.
Balans ma’lumotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Shaxsiy kabineti” orqali kuzatish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasi hisobi uchun yangi billing dasturi ishga tushirilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, endilikda yangi HET Billing dasturiy kompleksi orqali iste’molchilar elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirishi hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni kuzatib borishi mumkin. Yangilangan tizim orqali iste’molchilar bevosita o‘zi iste’mol qilgan elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lov ma’lumotlari, kunlik elektr energiya iste’moli va boshqa har qanday ma’lumotni onlayn tarzda kuzatib borishi imkoni yaratilgan.
LiveBarchasi