Elchilik muddati tugayotgan Rozenblyum O‘zbekistondan uzoqqa ketmaydigan bo‘ldi
Olam
−
04 iyun 2022
11775AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum missiyasini yakunlab qaysi ishga o‘tishi deyarli aniq bo‘ldi. Amerika Prezidenti Jo Bayden uni mamlakatning Qozog‘istondagi elchisi lavozimiga ko‘rsatdi. U rasman tasdiqlanishi uchun AQSH Kongressi Senati uning nomzodini ma’qullashi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Deniyel Rozenblyum 2019 yildan beri AQSHning O‘zbekistondagi elchisi hisoblanadi.
Bungacha u Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosida Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari bo‘lgan hamda AQSHning Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan siyosati va diplomatik munosabatlariga rahbarlik qilgan.
Avvalroq Rozenblyum AQSHning Yevropa, Yevroosiyo va Markaziy Osiyoga yordam koordinatori bo‘lib ishlagan va yiliga o‘rtacha 1 milliard dollardan ortiq tashqi yordam mablag‘larini strategik va samarali sarflanishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan.
U, shuningdek, AQSH hukumati va boshqa xalqaro donorlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi hamda ko‘p tomonlama rivojlanish banklari o‘rtasidagi asosiy aloqachi bo‘lgan.
Davlat departamentiga kelishidan oldin Rozenblyum olti yil davomida Erkin kasaba uyushmalari institutida (FTUI) ishlagan va u yerda Sharqiy Yevropa va sobiq Sovet Ittifoqida post-kommunistik o‘tish bilan bog‘liq AQSH hukumati grantlarini boshqargan.
Rozenblyum Yel universitetida tarix fakultetida bakalavr darajasini va Jon Xopkins ilg‘or xalqaro tadqiqotlar maktabida sovetshunoslik va xalqaro iqtisod bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. U ruschada gaplasha oladi.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden AQSHning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga uzoq yillik tajribaga ega diplomat Jonatan Xenik nomzodini ko‘rsatgandi.
LiveBarchasi