AQSH Markaziy Osiyoda axborot urushidan voz kechdi – Rozenblyum

Olam

image

AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Deniyel Rozenblyum Amerika Markaziy Osiyoda “axborot urushidan voz kechganini”, buning ortidan Rossiya va Xitoy ta’siri uchun bo‘shliq paydo bo‘lganini aytdi. Bu haqda u joriy yilning 19 sentyabr kuni Yel universitetidagi Gumanitar kvadrat zalida qilgan nutqida so‘z ochdi.

Uning “Yolg‘on oqimini jilovlash: Markaziy Osiyoda Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurash” mavzusidagi ma’ruzasini taxminan 45 kishi auditoriyada va 35 kishi Zoom orqali tinglagan. Rozenblyum 6 yillik tajribasiga tayanib, Rossiyaning AQSH diplomatlarini beqarorlik keltiruvchi kuch sifatida ko‘rsatishga uringan tinimsiz dezinformatsiya kampaniyalarini qayd etgan. Masalan, 2023 yilda rus OAVlari uni Qozog‘istonda NATO bazasini ochganlikda ayblagan, aslida esa Rozenblyum AQSH mablag‘i hisobidan qurilgan tinchlikparvarlik institutining konferensiya markazini ochishda ishtirok etgan.

“Bunday absurd fikr ustidan kulish oson, ammo Rossiya axborot operatsiyalarining maqsadi nihoyatda jiddiy”, deydi u.

AQSH elchixonalari bunga javoban COVID-19 pandemiyasi davrida tibbiy vositalar tarqatish, fermerlarni qo‘llab-quvvatlagan qishloq xo‘jaligi dasturlari va talabalarni AQSH universitetlariga yuborgan ta’lim hamkorliklarini targ‘ib qilganini eslatgan. Ammo Rozenblyumning aytishicha, bu tizimning katta qismi 2023 yildan so‘ng yo‘q qilingan. Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini 1300 dan ortiq Davlat departamenti xodimlarini bo‘shatgani, USAID dasturlarini tugatgani va “Amerika ovozi” hamda “Ozodlik radiosi” uchun mablag‘larni qisqartirganini tanqid qilgan.

“Trampning ikkinchi prezidentlik davridan sakkiz oyi o‘tdi va endi aniq bo‘lib qoldi: Markaziy Osiyodagi axborot urushi tugagan. Bunda rossiyaliklar g‘alaba qozongani uchun emas, biz o‘zimiz taslim bo‘ldik. Obro‘sizlangan Amerika – zaif Amerika”, deydi u.

Rozenblyum, shuningdek, Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi orqali mintaqada sarmoya, infratuzilma va til dasturlari bilan ta’sirini kengaytirayotganini qayd etgan. Shuningdek, u talabalarni vaziyatning jiddiyligini tushunishga chaqirgan.

“Bu urushda hech kimning jasadi uyiga qaytmayapti, ammo haqiqiy qurbonlar bor – mamlakatimizning obro‘si, diplomatlarimiz samaradorligi va boshqa davlatlarni milliy manfaatlarimiz yo‘lida hamkorlikka ko‘ndirish qobiliyatimiz”, deydi sobiq elchi.

Tadbir yakunida Rozenblyum jurnalistlarga bergan intervyusida AQSH tashqi muammolardan tashqari, o‘z ichida ham jiddiy sinovdan o‘tayotganini bildirgan.

“Eng katta muammo – bizning o‘zimiz. Biz xalq sifatida qaror qabul qilishimiz kerak: dunyo bilan hamkorlik qilamizmi yoki yo‘qmi? Agar dunyodan o‘zimizni uzib qo‘ysak, oxir-oqibat kamroq xavfsiz va kamroq farovon bo‘lamiz”, deydi Rozenblyum.

Ma’lumot uchun, Rozenblyum 2019-2022 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi, 2022-2025 yillarda esa Qozog‘istondagi elchisi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Markaziy Osiyo Deniel Rozenblyum axborot urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing