Hech bir shaxs yoki tashkilot haddan tashqari qudratga ega bo‘lib ketmasin – Rozenblyum
Jamiyat
−
15 iyun 2022
10945O‘zbekiston va AQSH hech bir shaxs yoki tashkilotning haddan tashqari qudratga ega bo‘lib ketmasligi yoki hisobdorlikdan qochish imkoniga ega bo‘lmasligini ta’minlash uchun chinakam nazorat va muvozanatlar tizimiga ega bo‘lgan holda, xalqqa xizmat qiladigan jonkuyar hukumatlarni tuzsin. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum AQSH mustaqilligining 246 yilligi va O‘zbekiston-AQSH diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan kecha, 14 iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimidagi nutqida gapirdi.
U o‘tgan 4 oy davomida dunyo maydonida sodir bo‘lgan voqealar – suverenitet va hududiy yaxlitlikning buzilishi qanday oqibatlarga olib kelishiga e’tibor qaratdi. Katta ehtimol bilan u Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlariga sha’ma qildi.
“O‘tgan to‘rt oy ichida sodir bo‘lgan voqealar shuni yaqqol ko‘rsatdiki, suverenitetning buzilishi aholi orasida dahshatli talafotlar keltiradi, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik xalqaro munosabatlarning himoya qilinishi lozim bo‘lgan tamoyillaridir. Busiz, bizning dunyo o‘rmon qonuniga qaytadi, bu shunday xalqaro tartibki, harbiy jihatdan qudratli davlatlar o‘z xohish-irodalarini boshqa xalqlarga zo‘rlab o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi, chunki ularning fikricha, o‘sha boshqa xalqlar go‘yo yashashga haqli emasdek”, deydi Rozenblyum.
Elchi so‘zida davom etarkan, qabul marosimiga tashrif buyurgani uchun mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripovga minnatdorlik bildirib, AQSH asoschisi Benjamin Franklin aytgan gaplarni yodga oldi.
“O‘zbekiston va AQSH o‘z mustaqilligi va suverenitetlarini doimo ardoqlasinlar. Boshqa davlatlarning mustaqilligi va suverenitetini ham himoya qilaylik. Amerikaning g‘oyat donishmand “asoschi ajdodlarimizdan” biri va mamlakatimizning birinchi diplomati Benjamin Franklin 1776 yil 4 iyulda Mustaqillik Deklaratsiyasini imzolayotganida imzo chekuvchi boshqa hamfikrlariga aytganidek: “Biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarmasak, boshlarimizga birma-bir sirtmoq tushadi”.
O‘zbekiston va AQSH mustaqillikning o‘zi yetarli emasligini, balki erkinlik va yaxshi hukumat ham kerakligini doimo yodda tutsinlar. Ikki davlatimiz barcha fuqarolarimizning vijdon erkinligi, so‘z erkinligi, uyushma tuzish erkinligi kabi tamal va umumbashar huquqlarini hurmat qilishga intilsinlar. Ikki davlat ham hech bir shaxs yoki tashkilotning haddan tashqari qudratga ega bo‘lib ketmasligi yoki hisobdorlikdan qochish imkoniga ega bo‘lmasligini ta’minlash uchun chinakam nazorat va muvozanatlar tizimiga ega bo‘lgan holda, xalqqa xizmat qiladigan jonkuyar hukumatlarni tuzsin va bardavom bo‘lsin”, deydi elchi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov, Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov qatnashdi. Elchi Deniyel Rozenblyum ular davrasida shunday dedi:
“Biz ushbu tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro kurashda birlashamiz va boshqalarni biz bilan birga yurishga taklif qilamiz. Agar shunday qilsak, dunyo tinch va farovonroq makonga aylanajak. AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik esa gullab-yashnasin!”.
LiveBarchasi