AQSH elchisi Toshkentdagi tadbirda “kosa tagida nim kosa”li nutq so‘zladi
Jamiyat
−
15 iyun 2022
27019Chinakam milliy mustaqillik uchun haqiqiy suverenitet bo‘lishi kerak, bu degani mamlakat o‘zi qaror qabul qila olishi, jamiyat va iqtisodiyotni qanday tashkil etishni o‘zi hal qilishi kerak degani. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum AQSH mustaqilligining 246 yilligi va O‘zbekiston-AQSH diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan kecha, 14 iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida so‘z ochdi.
U so‘zi avvalida fransuz yozuvchisi Andre Jidning hikmatli so‘zlarini yodga oldi: “Aytish kerak bo‘lgan hamma narsa allaqachon aytilgan. Ammo hech kim eshitmagani uchun hamma narsani yana aytish kerak".
“Shunday qilib, Jid aytgan gaplar qabilida, bu nutqni yozishni boshlaganimda, AQSH Mustaqillik kuni munosabati bilan Toshkentda to‘rtinchi marta nutq so‘zlashim bo‘lar ekan, dedim o‘zimga. Birinchi marta men 2019 yil 3 iyulda – aynan mana shu banket zalida nutq so‘zlagandim. O‘sha nutqimda men Amerika hali nisbatan yosh davlat ekanligini, O‘zbekiston xalqi esa o‘z ajdodlari orqali ming yillik tarixga ega bo‘lgan sivilizatsiyalar bilan bevosita bog‘liqligini e’tirof etgandim. Lekin, dedim o‘sha kuni, hatto bizning qisqa 246 yilimizda ham amerikaliklar kamida ikkita muhim saboq oldilar: birinchisi, mustaqillik va suverenitet bebahodir va ularni hech qachon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan deb qabul qilmaslik kerak; ikkinchidan, bu mustaqillikning o‘zi yetarli emas – erkinlik va ra’iyat roziligiga asoslangan yaxshi hukumat bo‘lmasa, millat ravnaq topmaydi”.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov, Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov qatnashdi. Elchi ularga qaragancha, shunday dedi:
“Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini asrab-avaylashimiz, ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan, degan tushuncha oddiy tushuncha emas. Darhaqiqat, O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash AQSHning 1991 yildan buyon O‘zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatining asosini tashkil etadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan 30 yil o‘tgan bo‘lsa ham, bu qarash bugungi kunda ham siyosatimizning asosi bo‘lib qolmoqda.
Bir yil muqaddam 4 iyuldagi videomurojaatimda aytganimdek, chinakam milliy mustaqillik uchun haqiqiy suverenitet bo‘lishi kerak, bu degani mamlakat o‘zi qaror qabul qila olishi, jamiyat va iqtisodiyotni qanday tashkil etishni o‘zi hal qilishi kerak degani. Shuningdek, suveren mamlakat tashqaridan bosim va po‘pisaga qaramay boshqa davlatlar bilan qanday munosabatlar o‘rnatishni o‘zi hal qiladi. Aminmanki, o‘zbekistonlik va amerikaliklarning aksariyati aynan shunday fikrlaydi. O‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, biz o‘zimiz qaysi ittifoqlar yoki uyushmalar tuzishni o‘zimiz hal qilamiz.
Bir yil avval bu so‘zlarni aytganimda, bu yilgi Mustaqillik kuniga kelib ular naqadar dolzarb bo‘lishini tasavvur ham qila olmagandim”.
LiveBarchasi