AQSH elchisidan kutilmagan bayonot: “O‘zbekiston aslida past baho olgan”
Jamiyat
−
01 iyun 2022
57606O‘zbekistonning “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkilotining So‘z erkinligi indeksi bo‘yicha 2022 yilgi reytingida 180 davlat orasida o‘z o‘rnini o‘tgan 2021 yildagiga nisbatan 24 o‘ringa yaxshilab, 133-o‘ringa ko‘tarilishi erkin va mustaqil OAV uchun sharoit yaxshilangani va yo jurnalist va blogerlarga nisbatan munosabat bilan aloqador emas. Aslini olib qaralsa, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni yuqorilamagan, aksincha, pasaygan. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum Toshkentdagi Vebster universitetida jurnalistlar bilan o‘tgan uchrashuvda so‘z ochgan.
Elchi joriy yilning aprel oyida, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2022 yildagi jahon matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rib hayratlanganini aytadi.
“Reyting haqidagi bu yangilikning O‘zbekistonda qanday yoritilgani men uchun juda qiziq bo‘ldi: ko‘plab OAVlari O‘zbekiston reytingda 24 pog‘ona yuqorilaganini ma’lum qilishdi hamda buni mamlakatda OAVlari uchun yaratilgan erkinroq muhit natijasida O‘zbekiston erishgan yutuqning xalqaro doiradagi e’tirofi, deya ta’kidlagan Prezident matbuot kotibi janob Asadov va yosh OAVlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi janob Allamjonovdan iqtibos keltirishdi. Adolat nuqtai nazaridan, janob Allamjonov vaziyat yanada yaxshilanishi mumkinligiga ishora qilib, “agar matbuot faoliyatiga kamroq aralashilsa, yanada yuqoriga ko‘tarilish uchun imkonimiz bor”, dedi.
O‘zbekiston tashqarisidagi ba’zi ommaviy axborot vositalari esa bu voqea ortida ko‘zga tashlanmayotgan bir narsa borligini ta’kidladi. Ya’ni “yuzaki voqea ortida yashiringan haqiqiy voqea” mavjud edi. O‘ylaymanki, professional jurnalistlarning ishi o‘sha “haqiqiy voqea” nima ekanini topish va u haqda xabar berish, degan fikrga barchangiz qo‘shilasiz.Gap shundaki, O‘zbekistonning haligi reytingda yuqoriga ko‘tarilishini tushuntirish uchun murakkabroq sabab majud, buning esa erkin va mustaqil OAV uchun sharoit yaxshilangani va yo jurnalist va blogerlarga nisbatan munosabat bilan aloqasi yo‘q. Gap shundaki, 2022 yilgi jahon matbuot erkinligi indeksi uchun “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti mamlakatlarni baholash metodologiyasini butunlay o‘zgartirgandi. U matbuot erkinligini baholashda beshta yangi ko‘rsatkichni joriy qildi va ushbu ko‘rsatkichlarning har biri bo‘yicha ma’lum bir mamlakatga oid natijalarni o‘lchash uchun yangicha so‘rov turlaridan foydalandi.
Metodologiyaning bunday o‘zgarishi natijasida ko‘plab mamlakatlarning o‘rni yo yuqoriga, yo quyiga o‘zgarib ketdi. Shu bois, 2021 va 2022 yilgi reytinglarni mazmun jihatidan taqqoslash juda murakkab, balki imkonsizdir”, deydi Deniyel Rozenblyum.
O‘zbekiston global reytingda 45,74 ball to‘plagan va vaziyat murakkab mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan. Bu haqda gapirarkan, Rozenblyum, aslida O‘zbekistonning bahosi yuqori emas, past bo‘lganini urg‘ulaydi.
“O‘zbekiston olgan baho – mamlakat reytingini baholash uchun berilgan son – 2022 yilgi jahon matbuot erkinligi ko‘rsatkichida 2021 yildagidan pasaydi. U 2021 yilda 49,26 bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 45,74 ga tushdi. Takror aytmoqchimanki, O‘zbekiston olgan baho pasaydi. Ya’ni, “voqea ortidagi asl voqea” ana shu edi.
Elchi so‘zida davom etarkan, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2022 yildagi jahon matbuot erkinligiga oid hisobotidan O‘zbekiston haqida bildirilgan fikrlardan iqtibos keltirgan:
“Hukumat asosan ommaviy axborot vositalarini, shuningdek, hukumat bilan yaqin aloqada bo‘lgan bir qator blogerlarni keng nazorat qiladi... Hukumat haligacha OAVni repressiya qilishga imkon beruvchi qonunlarni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirmadi... Kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan... Rasmiylar buni iqtisodiy bosim o‘tkazish va jurnalistlarni korrupsiyalashtirishga urinish amaliyotiga aylantirmoqda... Oxirgi qamoqqa olingan jurnalistlar ozod etildi, ammo reabilitatsiya qilinmadi... Blogerlar tahdidga uchrab, hibsga olindi”.
LiveBarchasi