Dunyoda 258 millionga yaqin bola urushlar sabab ta’lim olish imkoniyatidan mahrum – BMT
Olam
−
25 iyun 765 2 daqiqa
Dunyo bo‘ylab maktab yoshidagi 258 million nafar bola va o‘smirning ta’limi qurolli mojarolar hamda gumanitar inqirozlar oqibatida izdan chiqqan. Bu haqda inqiroz sharoitida ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT jamg‘armasi – “Education Cannot Wait” hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ularning 93 million nafari umuman maktabga borish imkoniyatiga ega emas.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mojarolar va gumanitar inqirozlar sabab maktabga bormaydigan bolalarning qariyb 80 foizi ahvol eng og‘ir bo‘lgan atigi 20 ta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mualliflar muammo faqat ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi bilan cheklanmasligini qayd etgan. Inqirozlardan jabrlangan ko‘plab hududlarda bolalar o‘qish, yozish va hisoblash kabi asosiy ko‘nikmalarni ham egallay olmayapti. Oqibatda boshlang‘ich sinflardayoq o‘quv dasturini o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar o‘smirlarning ta’limni butunlay tark etishiga olib kelmoqda.
Eng katta ta’lim yo‘qotishlari qurolli mojarolar qamrab olgan davlatlarda kuzatilmoqda. Bunday mamlakatlarda oltinchi sinfga kelib bolalarning atigi 30 foizi zarur o‘qish ko‘nikmasi darajasiga yetadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich 47 foizni tashkil etsa, tabiiy ofatlardan jabrlangan mamlakatlarda 63 foizga yetadi.
Hisobotda ta’lim inqirozi tobora kengayib borayotgani, ammo uning oqibatlari barcha hududlarda bir xil emasligi qayd etilgan. Bolalarning ta’lim tizimidan chetda qolishi ko‘p jihatdan ularning qayerda yashashi, majburiy ko‘chirilgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar yoki boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga mansubligiga bog‘liq.
Mutaxassislar fikricha, ta’limga kirish imkoniyatini kengaytirishning o‘zi yetarli emas. Bolalarning nafaqat maktabga borishi, balki o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirishi, ta’limni davom ettirishi va keyingi bosqichlarga o‘ta olishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘ylab maktablar, universitetlar hamda ta’lim xodimlariga qarshi uyushtirilayotgan hujumlar soni keskin oshib borayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi