Dunyo bo‘ylab o‘quv dargohlariga hujumlar soni keskin oshib ketdi
Olam
−
16 iyun 1737 2 daqiqa
Dunyo bo‘ylab maktablar, universitetlar hamda ta’lim xodimlariga qarshi uyushtirilayotgan hujumlar soni keskin oshib bormoqda. So‘nggi ikki yil ichida minglab o‘quvchi va pedagoglar halok bo‘lgan, yaralangan yoki o‘g‘irlab ketilgan. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Global Coalition to Protect Education from Attack (GCPEA) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, 2024–2025 yillarda dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalari, o‘quvchilar va pedagoglarga qarshi hujumlar soni keskin oshgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida bunday holatlar 40 foizga ko‘payib, 83 davlatda jami 8 556 ta hujum qayd etilgan.
Hisobotda keltirilishicha, ushbu hujumlar oqibatida kamida 10 600 nafar o‘quvchi, talaba va ta’lim xodimi halok bo‘lgan, jarohatlangan, o‘g‘irlab ketilgan, hibsga olingan yoki boshqa turdagi zo‘ravonliklarga duch kelgan. Ta’limga qarshi hujumlar eng ko‘p Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Falastin va Ukrainada qayd etilgan. Xususan, Ukrainada qariyb 900 ta maktab turli hujumlarga uchragan bo‘lsa, Falastinda o‘quvchilar va ta’lim xodimlariga qarshi kamida 2 400 ta hujum sodir etilgan.
Tadqiqot mualliflari yana bir xavotirli tendensiyaga e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, maktab va universitetlarning harbiylar yoki qurolli guruhlar tomonidan egallab olinishi holatlari avvalgi ikki yillik davrga nisbatan 91 foizga oshib, 1 912 taga yetgan. Bu esa minglab bolalarning ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Eng ko‘p talafot Myanma, Nigeriya, Yaman va Kamerunda kuzatilgan. Mazkur davlatlarda jami 1 700 dan ortiq o‘quvchi va pedagog halok bo‘lgan yoki yaralangan. Nigeriyada 700 dan ortiq o‘quvchi va ta’lim xodimi o‘g‘irlab ketilgani qayd etilgan. Myanmada esa kamida 80 kishi halok bo‘lib, 240 ga yaqini jarohatlangan.
Hisobotda aytilishicha, ayrim mamlakatlarda qizlar va ayollar aynan jinsi sabab nishonga olingan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar ta’lim oladigan muassasalar ham hujumlardan chetda qolmagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu raqamlar ortida maktabni xavfsiz maskan deb bilgan millionlab bolalarning buzilgan hayoti, yo‘qotilgan imkoniyatlari va so‘ngan orzulari turibdi. Ularning fikricha, ta’lim muassasalariga qarshi hujumlar tobora tasodifiy hodisa emas, balki urush va mojarolarda qo‘llanayotgan strategik vositaga aylanib bormoqda.
GCPEA direktori Liza Chung Bender ta’lim muassasalariga qarshi hujumlarni to‘xtatish uchun davlatlar maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanishga barham berishi, xalqaro huquq normalariga rioya etishi hamda bunday jinoyatlar uchun javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirishi zarurligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu tendensiya davom etsa, bolalar va yoshlarning xavfsiz ta’lim olish huquqi yanada katta xavf ostida qoladi.
Zafar Tolliboyev
Live
Barchasi