“Dovud ota” chegara punkti uch oyga yopiladi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonda joylashgan “Dovud ota” (Qozog‘istonning “Tajen”) chegara o‘tkazish punkti 1 fevraldan vaqtincha yopiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Respublikasining “Tajen” (O‘zbekiston Respublikasining “Dovud ota”) chegara o‘tkazish punkti orqali shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 2025 yil 1 fevral sanasidan boshlab 3 oy muddatga vaqtincha to‘xtatiladi.

“Mazkur cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Qo‘mita xabarida “Tajen” (Qozog‘iston) – “Dovut ota” (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanuvchi shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari “Yallama”, “Zangiota” (Navoiy chegara bojxona posti), “Oq oltin” va “Malik” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari so‘ralgan. 

Qolaversa, jismoniy shaxslar uchun Qoraqalpog‘iston temiryo‘l o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi poyezdlari harakatlanishini ma’lum qilingan. 

“Ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining "Tajen" (Qozog‘iston) – “Dovut ota” (O‘zbekiston)  chegara o‘tkazish punkti orqali harakati uzluksiz davom ettiriladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi "Qorasuv" nazorat-o‘tkazish punkti ochilishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Tajen Dovud ota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing