Donetskda otishma: Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda

Olam

image

Bugun, 17 fevral kuni ertalab Ukraina xavfsizlik kuchlari o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk Xalq Respublikasi hududini to‘rt marta, shu jumladan Minsk kelishuvlarida taqiqlangan minomyotlardan o‘qqa tutgani aytilmoqda. Rus mediasining O‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish va  muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma markazga tayyanib xabar berishicha, aholi punkti ham o‘qqa tutilgan.  

“Ukraina qurolli tuzilmalari Minsk kelishuvlariga ko‘ra olib qo‘yilishi kerak bo‘lgan qurollardan foydalangan holda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini qo‘pol ravishda buzdi”, deya iddao qilinmoqda. 

Unga ko‘ra, Moskva vaqti bilan soat 05:30 dan boshlab Ukraina xavfsizlik kuchlari respublika nazoratidagi Sokolniki, Zolotoye-5, Veselenkoye va Nijneye Lozovoye aholi punktlarini 120 va 82 millimetrli minomyotlar, granatomyot va og‘ir pulemyotlardan o‘qqa tutgan. 

Qayd etilishicha, keyinroq Ukraina xavfsizlik kuchlari o‘t ochishni to‘xtatish tartibini qo‘pol ravishda buzgan holda Donetskdagi qishloqni o‘qqa tutgan.

Ukraina tomoniga  ko‘ra, kecha, 16 fevral kuni bir sutkada rossiyalik yollanma jangarilar Luganskda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini 8 marta buzgan, bugun kun boshidan buyon 2 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, bosqinchilar minomyot, granatomyotdan o‘q uzgan.  

Bundan tashqari, rus yollanma askarlari Lobachevo va Vodyanoye yaqinida uchuvchisiz uchish apparatlarini joylashtirgan, ular yordamida VOG-17 va VOG-25 snaryadlarini tashlagan. 

“Dushman harakatlari natijasida Birlashgan kuchlar harbiy xizmatchilari orasida qurbonlar yo‘q”, deyiladi xabarda.

Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi ortidan Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni, u yerda bo‘lib turganlardan mamlakatni tark etishni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.  

15 fevralga kelib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova G‘arbning taxminlari puch bo‘lib chiqqanini aytib, 15 fevral G‘arbning urush targ‘iboti barbod bo‘lgan kun sifatida tarix kirishini ma’lum qildi. Blinkenga esa hamon Rossiya shu haftada Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuz” qilishi ehtimoldan yiroq emasligini aytmoqda.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini bildirmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.

Keyinroq Rossiya vakili mamlakat o‘z fuqarolarini qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar himoya qilishini ta’kidladi va bu urushga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, 15 fevral kuni Rossiya parlamenti – Federal Majlisining quyi palatasi – Davlat dumasi yalpi majlisida Donbassning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk viloyatlari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bunda Donetsk va Lugansk xalq respubliklarini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi, shuningdek hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi loyihasi ovozga qo‘yilib, DXR va LXR mustaqilligini tan olish tanlandi. 

Qayd etish kerakki, 2008 yil Rossiya o‘z muxtoriyatiga qo‘shin kiritishni rejalashtirayotgan Gruziyani to‘xtatish uchun Osetiyada rossiyaliklar borligini vaj qilib, hududga qo‘shin kiritgandi. Yakunda ikki o‘rtada urush bo‘lib, Gruziya mag‘lub bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

447

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing