Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan olish yo‘lida ilk qadamni tashladi
Olam
−
15 fevral 2022 18285 2 daqiqa
Bugun, 15 fevral kuni Rossiya parlamenti – Federal Majlisining quyi palatasi – Davlat dumasi yalpi majlisida Ukrainaning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk viloyatlari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Deputatlar Kommunistik partiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, Donetsk va Lugansk xalq respubliklarini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi uchun ovoz berishdi. Majlisda hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi loyihasi ham ovozga qo‘yildi.
Kommunistlar tashabbusi uchun 351 deputat ovoz berdi, 16 nafari qarshi chiqdi, bir nafari betaraf qoldi. “Yagona Rossiya” loyihasi uchun - 310 deputat ovoz berdi. Shunday qilib, birinchi variant tanlandi.
Parlament quyi palatasi spikeri Vyacheslav Volodin hujjat darhol Prezident Putinga yuborilishini ta’kidladi.
“Deputatlar Donetsk xalq respublikasi (DXR) va Lugansk xalq respublikasini (LXR) tan olish ushbu respublikalar aholisini tashqi xavflardan himoya qilish uchun asos yaratadi va hududda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga xizmat qiladi deb hisoblamoqda”, degan Volodin.
Rossiya Kommunistik partiyasi deputatlari (KPRF) 19 yanvar kuni Rossiya Prezidenti nomiga Donbassning ushbu ikki respublikasini mustaqil davlatlar sifatida tan olish, ularning rahbariyati va RF orasida davlatlararo muloqot o‘rnatish uchun huquqiy asos yaratish to‘g‘risida murojaatnoma yo‘llash tashabbusi bilan chiqqan edi.
14 fevral kuni “Yagona Rossiya” deputatlari Davlat dumasiga Kommunistik partiya loyihasi bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi bilan maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi rezolyutsiya hujjatini taqdim etdi.
Volodinning fikricha, Vashington keskinlikni kuchaytirmoqda, Yevropa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga qurol yetkazib bermoqda, Kiyev Minsk kelishuvlarini bajarmayapti. Bularning barchasi Rossiya fuqarolari hamda DXR va LXRda yashovchi vatandoshlar hayotiga tahdid va xavf tug‘diradi.
Qayd etish kerakki, 2008 yil Rossiya o‘z muxtoriyatiga qo‘shin kiritishni rejalashtirayotgan Gruziyani to‘xtatish uchun Osetiyada rossiyaliklar borligini vaj qilib, hududga qo‘shin kiritgandi. Yakunda ikki o‘rtada urush bo‘lib, Gruziya mag‘lub bo‘lgan.
Live
Barchasi