Diyora Keldiyorovaga ham muddatidan oldin yangi harbiy unvon berildi
Sport
−
30 avgust
26903Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida -52 kg vazn toifasida dzyudo sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Olimpiada chempioniga aylangan Mudofaa vazirligi leytenanti Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin katta leytenant unvoni berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi hisoblangan Keldiyorova, shuningdek “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.
Shu bilan birga, -68 kg vazn toifasida taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk ikki karra Olimpiada oltin medal sohibi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi kichik serjant Ulug‘bek Rashitov boshlang‘ich ofitserlik “leytenant” harbiy unvoni bilan taqdirlandi.
Taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida kumush medal sohibasi, kichik serjant Svetlana Osipovaga ham boshlang‘ich ofitserlik “leytenant” harbiy unvoni topshirildi. Bundan tashqari, u “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan ham mukofotladi.
Bundan tashqari, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishdagi faolligi hamda hamkorligi uchun Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchi treneri – Qurolli Kuchlar xizmatchisi Xan Pavel ikki xonali uy bilan;
-57 kg vazn toifasida boks sporti bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sport bo‘limi sportchisi – oddiy askar Sitora Turdibekova “To‘maris” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Boks federatsiyasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, boks bo‘yicha ayollar Bosh murabbiyi Elshod Rasulov, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi o‘qituvchisi hamda Qurolli Kuchlar xizmatchisi Akmal Xasanov Mudofaa vazirining “Malakali ustoz” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
Ma’lumot uchun, bokschilar Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovning harbiy unvonlari ham muddatidan oldin ko‘tarilgandi. Olimpiada o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschilar leytenant Abdumalik Xalokov va leytenant Lazizbek Mullojonovga ham muddatidan oldin katta leytenant unvoni berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, bokschi Isroil Madrimov mart oyida Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomida rossiyalik charm qo‘lqop ustasi Magomed Qurbonovni texnik nokautga uchratib, Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik kamarini qo‘lga kiritib qaytganidan so‘ng, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov unga muddatidan oldin mayor harbiy unvonini topshirgandi.
LiveBarchasi