Deputat: Mas’ullar, siz talaba bo‘lmaganmisiz?!

Jamiyat

image

Bir haftadirki, O‘zbekistonda 2019-2020 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdori muhokama mavzusi bo‘lib turibdi. Davlat granti va kontrakt asosida o‘quvchi talabalarga 400 000 so‘m stipendiya berilishi ham ijtimoiy tarmoqarda e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘rnatilgan kontrakt miqdorlari va stipendiya bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

“Oliy ta’lim tizimida kontrakt, stipendiya kabi talabalar uchun hayot-mamot darajasidagi masalalarda barqarorlikning yo‘qligi ta’lim sifati qolib, talabalarda ta’limga bo‘lgan ixlosning qaytishiga olib kelishi mumkin.

Ish haqlari 10 foizga oshgan davrda qaysi mezon va vijdon bilan kontrakt miqdorini 18 foizga oshirish mumkin? Ahir kontrakt oshishi uzoq ishlanishlar bilan innovatsion uslubda topilgan genial taklif - ish haqlari oshadigan foiz miqdorlariga bog‘langan emasmidi?

Bunisigaku chidash mumkindir, biroq kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga qanday baho olishidan qat’iy nazar bir xil 400 ming so‘m stipendiya belgilanishini qanday izohlash mumkin? Gapni qancha aylantirmaylik real hayotda bu talabalar o‘rtasida yaxshi o‘qish uchun rag‘batning butkul yo‘qolishi va o‘z ustida ishlashga ixlosning qaytishiga olib kelishi fakt.

Tasavvur qiling 32 mingta talabaga yotoqxonadan joy topilmay turgan vaqtda ular pul hisobiga kvartira topish, yeb ichish, o‘qishga qatnash harajatlari bilan talaba bo‘lib tahsil oladimi yoki yashash uchun norasmiy sektordagi ishchi bo‘lib kun o‘tkazadimi?

Xullas tabaqalashtirish deganda biz kontrakt to‘lovida yengillik bo‘lishi, talabalarga imkoniyat berilishi uchun amalga oshiriladigan "to‘lov tabaqalashtirish"ni tushungandik. Bunda esa talabalarni byudjet va kontraktga ajratib ochiqchasiga yerga urish bilan tabaqalashtirish boshlanib ketibdi.

Sho‘ring qursin talaba! Talabalik davrida hech qanday kontrakt to‘lash g‘ami bo‘lmay, stipendiya hisobiga yashab, bilim olish imkoniyatidan foydalanib bugun shunday genial g‘oyalarni kiritayotgan mas’ullarga vijdonan ortga bir nazar solib, talabalik davrlarini eslab qo‘yishlarini so‘rayman. Siz talaba bo‘lmaganmisiz?”, deydi deputat Kusherboyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy o‘quv yilidan sirtqi va kechki ta’lim yo‘naishida o‘qish uchun to‘lov kontrakt miqdori 35-40 foizga kamaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

talaba Rasul Kusherboev kontrakt

Baholaganlar

118

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing