Denovdagi kuchli portlash atrofga qancha zarar yetkazgani ochiqlandi
3-sahifa
−
08 dekabr 2021
20306Kecha, 7 dekabr kuni Surxondaryoning Denov tumanidagi savdo markazida sodir bo‘lgan kuchli portlash 65 tadbirkorlik sub’ekti binosi va xonadonga zarar yetgan. Bu haqda portlash oqibatlarini o‘rganayotgan Hukumat komissiyasi azolari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi, deb xabar berdi O‘zA.
Matbuot anjumanida viloyat hokimi To‘ra Bobolov IIV, FVV, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, SSV va boshqa idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tomonidan o‘rganilayotgan portlashning atrofga yetkazgan zarari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
“Ikki qavatli “Indenim” savdo majmuasida yuz bergan chaqnash oqibatida binoning devorlari qulab tushgan. Shuningdek, 65 tadbirkorlik sub’ekti binosi va xonadonga yengil zarar yetgan. Derazalar oynalari singan. Oltita xonadon devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda Mustaqillik va Sharof Rashidov ko‘chalarini kengaytirib, obodonlashtirish uchun buzilayotgan uy-joylar surati joylashtirilib, mazkur hodisaga bog‘langan izohlarni ham ko‘rayapmiz. Bu haqiqatga zid bo‘lib, birgina Sharof Rashidov nomli ko‘chada buzilishga tushgan imoratlar uchun 27,5 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Ayni paytda bu fuqarolar mulklarini o‘zlari buzib olmoqda. Bunday noxolis ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, xalqni chalg‘itmaslik kerak. Zarar ko‘rganlarning vaqtincha yashashi uchun 24 ta xonadon hozirlandi. Xonadoni tamirlanguncha ko‘chishi lozim, deb topilgan yetti oila ko‘chirildi. Ularning yashashi uchun ijara haqini tuman hokimligi to‘lab beradi”, degan viloyat rahbari.
Ma’lumot uchun, 7 dekabr kuni soat 03:57 da Denov shahrining Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida yuz bergan portlash tufayli binoning devorlari qulab tushgan. Hodisa oqibatida 2 kishi nobud bo‘lib, 9 kishi jarohatlangan.
Jarohatlanganlarga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ichki va tashqi jarohatlar bilan shifoxonaga olib kelingan og‘ir ahvoldagi ikki nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozir ularning ahvoli o‘rta og‘irlikda. Qolganlarining ahvoli yaxshi. Umumiy bo‘limga o‘tkazilib, muolaja davom ettirilmoqda. Qarindoshlari bilan suhbatlashmoqda.
“Holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tajribali ekspertlar guruhi ish olib bormoqda. Dastlabki surishtiruv-o‘rganishlarga ko‘ra, binodagi gaz qurilmalari uzoq muddat ishlab, o‘ta qizigani oqibatida kuchli chaqnash yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ishchi guruh ishlamoqda. Sabablari o‘rganilayotir. Binoning tevarak-atrofini tozalash va tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hukumat komissiyasi o‘rganishlari va tergov surishtiruv ishlari natijasi haqida qo‘shimcha malumot beriladi.
LiveBarchasi