Surxondaryodagi portlash terakt bo‘lishi mumkinmi?
3-sahifa
−
07 dekabr 2021
39101Xabaringiz bor, bugun, 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi savdo majmuasida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 10 ga yaqin odam jarohatlandi. Hozirgacha olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vayronalar ostidan ikki kishining jasadi topilgan.
Xo‘sh, Denovdagi savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlash terakt bo‘lishi mumkinmi? Mazkur hodisa bo‘yicha alohida Hukumat komissiyasi tuzilishi, voqea joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning yetib borishi ushbu taxminlarni o‘rtaga chiqarmoqda. QALAMPIR.UZ hodisa terakt bo‘lishi mumkinmi, degan savol bilan Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga yuzlandi.
“Bizning guruhimiz ertalab samolyot orqali voqea joyiga yetib borgan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, savdo majmuasida texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagan. Barcha texnikalar voqea joyiga jalb qilingan va holat kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Holat rahbariyatning nazorati ostida”, deydi Shohruh G‘iyosov.
Ayni vaqtda voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus guruhi ham qutqaruv-tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Ob’ektdan terakt ehtimolini keltirib chiqaruvchi ashyoviy dalillar topilganmi? Portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkinmi? Ushbu savollarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot kotibi Murod Sodiqovdan javob olishga harakat qildik.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash gaz havo aralashmasi chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan. Terakt bo‘lgani haqida ma’lumotlar kelib tushmagan”, deydi Murod Sodiqov.
Uning qayd etishicha, ayni vaqtda Hukumat komissiyasi voqea joyida bo‘lib turibdi. O‘rganish ishlari davom etmoqda. Barcha ma’lumotlar to‘plangach, aniq bayonot beriladi.
LiveBarchasi