Toshkentdagi bezorilar, lavozimidan “uchgan” hokim, “Tolibon” hukmronligidagi ilk sayyohlar... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Bugun, 8 noyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda muhim voqeliklar sodir bo‘ldi. Navoiy viloyati hokimi Tursunov o‘rniga Tursunov tayinlangan bo‘lsa, “Tolibon” hukmronligini o‘rnatgan Afg‘onistonga ilk bor sayyohlar keldi. Quyida yakuniga yetayotgan kunning shu kabi muhim hodisalari bilan tanishing.

Jamiyat 

IIBB Toshkentdagi bezorilar to‘qnashuviga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Shahar bedarvozami. Kim bo‘ldi bular bemalol o‘zgalarni joniga tahdid qilishmoqda” deb nomlangan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 31 oktyabr kuni taxminan soat 22:00 larda Bog‘ishamol ko‘chasida bir nechta fuqaro o‘rtasida janjal yuz bergan. Xususan, 30 yoshli J.I. va uning tanishlari 30 yoshli M.X., 39 yoshli J.A., 24 yoshli U.R., 37 yoshli X.A., 27 yoshli X.S., 30 yoshli U.D. o‘zaro janjallashgan. Natijada gumonlanuvchilardan biri 30 yoshli J.I. qochmoqchi bo‘lgan Chevrolet Equinox rusumli avtomobilga zarar yetkazgan.

Xorazmda Lacetti yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashdi. Qurbonlar bor

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yengil avtomobilning bee’tiborlik bilan temir yo‘l kesishmasiga chiqib ketishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi.

YTH joriy yilning 3 noyabr kuni soat 17:40 larda Hazorasp tumani, Karvak qishlog‘i hududida yuz bergan. Qishloq hududidan o‘tgan “Istiqlol” temir yo‘lining 346-kilometri 3-piketidagi qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida Karvak qishlog‘ida yashagan 48 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomobilni boshqarib kelayotib, temir yo‘l kesishmasidagi “Stop” yo‘l belgisiga amal qilmasdan, harakatni davom ettirgan va ayni shu vaqtda “Shovot – Urganch – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan.

Yana bir xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdori O‘zbekistonga olib kelindi

Xalqaro terroristik tashkilotga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan, 1995 yilda tug‘ilgan S.S. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs internet tarmog‘i orqali Suriya davlati hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti a’zolarining ta’siriga tushib qolgan.

U o‘zining tanishlari bilan Telegram messenjerida virtual guruh tashkil etib, ekstremistik oqimlar va xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “jihod”ga chorlovchi materiallarini unga joylab, o‘zaro muhokama qilishgan. Shuningdek, Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkilotiga qo‘shilish uchun O‘zbekistondan chiqib ketmoqchi bo‘lishgan.

Navoiy viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi

Bugun, 8 noyabr kuni Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga ko‘ra, Qobul Beknazarovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, davlat rahbarining yana bir farmoni bilan Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat To‘lqunovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi etib tayinlandi.
Ma’lum qilinishicha, Qobul Tursunov sog‘lig‘idagi muammolar tufayli davolanishi talab etilganligi sababli, o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan. 

Qashqadaryoda aka ukasini bog‘lab, yoqib yubordi

Joriy yilning 1 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida oyoq qo‘llari bog‘lanib, yoqib yuborilgan odam jasadi topildi.

Bildirilishicha, soat 19:20 da G‘uzor tuman prokuraturasiga tuman IIB navbatchilik qismiga “Pachkamar” MFY, Pachkamar qishlog‘idagi eski gips tosh konidan yoshi 30-35 larda bo‘lgan erkak jasadi topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Shaxsi noma’lum murda oyoqlari juft qilingan holda to‘piq sohasi, son sohasi va ko‘krak sohasidan sim bilan ikkala qo‘llari orqaga qayrilib bog‘langan, kuyish jarohatidan vafot etgan holda topilgan.

Davlat byudjeti xarajatlari ko‘paytirildi

O‘zbekiston Prezidenti “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonunni imzoladi.

Qonun bilan davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari prognoziga o‘zgartirishlar kiritildi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari 24 239 490 mln so‘mni tashkil etadi.

Olam

Qozog‘istondagi kafeda kuchli portlash yuz berdi

Kecha, 7 noyabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahridagi kafelardan birida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda qozoq OAV xabar tarqatdi.

“Noma’lum sabablarga ko‘ra portlash sodir bo‘ldi, natijada bino to‘liq vayron bo‘ldi. Qurbonlar haqida ma’lumot olinmagan. Portlash sababi va vayronagarchilik hududi aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Portlash sabab hech kim shifoxonaga yordam so‘rab murojaat qilmagan. Portlash natijasida atrofdagi avtomobillarga zarar yetgan.

Pashinyan Yerevan va Baku o‘rtasidagi tinchlik bo‘yicha taklif kimdan chiqqanini aytdi

Tinchlik bo‘yicha taklif Ozarbayjon monopoliyasi emas, deydi Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan. U Yerevanning o‘zi ham shunday takliflar bilan chiqayotganini ta’kidladi.  

“Tinchlik bo‘yicha taklif Ozarbayjonning monopoliyasi emas. Biz o‘zimiz tinchlik taklifi bilan chiqdik. Armaniston taklifga javob bermagani haqidagi bayonotlar juda g‘alati. Armaniston bu bayonotlarga munosabat bildirdi, Armaniston bunga tayyor ekanini ma’lum qildi va biz YeXHT Minsk guruhi doirasidagi format aynan tinchlik shartnomasiga erishishga qaratilganini ta’kidladik. Biz bu muhokamalarga tayyorligimizni va bizning fikrimizcha, bu muhokamalar YeXHT Minsk guruhi formatidagi ish natijalari asosida, xususan, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish masalasini o‘z ichiga olgan holda o‘tkazilishi lozimligini bildirdik”, degan Pashinyan mamlakat jamoat televideniyesiga bergan intervyusida. 

Merkel lavozimidan ketganidan so‘ng nima qilishini aytdi

Germaniya kansleri vazifasini bajaruvchi Angela Merkel lavozimini tark etganidan keyin nima bilan band bo‘lishi borasida aniq rejalari yo‘qligini, biroq endi siyosat bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qildi. 

“Men siyosiy mojarolarni hal qilmayman — bu bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanyapman: 16 yil davomida Federal kansler sifatida Yevropa Ittifoqida, xalqaro miqyosda mamnuniyat bilan doimo multilateralizmni yoqlab kelganman. Hozir esa nima qilishimni hali bilmayman. Allaqachon aytgan edim: avval biroz dam olaman, keyin hayolimga nima kelishini ko‘ramiz”, degan u “Deutsche Welle”ga bergan intervyusida. 

Ilon Maskning telbanamo so‘rovnomasi natijasi ma’lum bo‘ldi

Avvalroq, amerikalik milliarder Ilon Mask Twitter’dagi sahifasi kuzatuvchilariga so‘rovnomada ishtirok etish orqali o‘zi egalik qiluvchi Tesla kompaniyasining 10 foiz aksiyasi taqdirini belgilashni taklif qilgandi. U so‘rovnoma natijasiga ko‘ra yo‘l tutishga va’da bergandi. 

Sayyoradagi eng boy milliarder qimmatli qog‘ozlarni sotish soliq to‘lashning yagona yo‘li ekanligini aytgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Ilon Mask tomonidan tashkil etilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati elektromobil ishlab chiqaruvchisining 10 foiz aksiyalarini sotishga ovoz bergan. So‘rov natijalari milliarderning akkauntida chop etilgan. 

“Tolibon” hukmronligidagi Afg‘onistonga ilk bor sayyohlar bordi

Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng mamlakatga birinchi chet ellik sayyohlar tashrif buyurdi. Bu haqda mahalliy “Bakhtar” agentligi xabar bergan. 

“Islom amirligi g‘alabasidan so‘ng mamlakatga birinchi xorijiy sayyohlar yetib keldi”, deyilgan agentlik xabarida. 

G‘o‘r provinsiyasi Madaniyat va axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi mahalliy tarixiy joylarga, xususan, XII asrda qurilgan Jama minorasiga tashrif buyurgan. Agentlik sayyohlar qayerdan kelganini ochiqlamagan.

Sport

UFC 268 ishtirokchilari qancha ishlab topdi?

Kecha, 7 noyabr kuni tongda Nyu-Yorkdagi (AQSH) “Madison Square Garden” sport arenasida UFC 268 turniri bo‘lib o‘tdi. Sport musobaqasining asosiy qarama-qarshiligida amerikalik UFC ustalari Kamaru Usman va Kolbi Kovington yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik uchun kurash olib borishdi. Qiziqarli kechgan jangda Usman g‘alaba qozondi.

Turnir yakunida uning barcha ishtirokchilari qancha ishlab topganligi ma’lum qilindi.

UFC 268 musobaqasining barcha ishtirokchilari ishlab topgan mablag‘:
Kamaru Usmon — 642 000 dollar (jang uchun 600 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 42 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Kolbi Kovington — 532 000 dollar (jang uchun 500 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 32 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Jastin Getji — 356 000 dollar (jang uchun 150 000 dollar, g‘alaba uchun 150 000 dollar, Turnirning eng yaxshi jangi uchun 50 000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 6 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Frenki Edgar — 271 000 dollar (jang uchun 250 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 21 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Rouz Namayunas — 262 000 dollar (jang uchun 110 000 dollar, g‘alaba uchun 110 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 42 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Marlon Vera — 216 000 dollar (jang uchun 75 000 dollar, g‘alaba uchun 75 000 dollar, turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatkich uchun 50 000 bonus, jangdan bir hafta oldin 16 000 dollar rag‘batlat to‘lovi);
Maykl Chendler — 164 000 dollar (jang uchun 110 000 dollar, turnirning eng yaxshi jangi uchun 50,000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Sheyn Burgos — 156 000 dollar (jang uchun 75 000 dollar, g‘alaba uchun 75 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 6 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Bobbi Grin — 155 000 dollar (jang uchun 42 000 dollar, g‘alaba uchun 42 000 dollar, turnirning eng yaxshi ko‘rsatkichi uchun 50 000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 21 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Aleks Pereyra — 134 000 dollar (jang uchun 40 000 dollar, g‘alaba qozonish uchun 40 000 dollar, turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatkich uchun 50 000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Jan Veyli — 132 000 dollar (jang uchun 100 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 32 000 rag‘bat to‘lovi);
Jan Villante — 9 0000 dollar (jang uchun 75 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 21 000 rag‘bat to‘lovi);
El Yakvinta — 84 000 dollar (jang uchun 73 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 11 000 rag‘bat to‘lovi);
Kris Barnett — 74 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, g‘alaba uchun 10 000 dollar, turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatkich uchun 50 000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Dastin Jeykobi — 50 000 dollar (jang uchun 22 000 dollar, g‘alaba qozonish uchun 22 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 6 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Ode Osborn — 46 500 dollar (jang uchun 20 000 dollar, g‘alaba uchun 20 000 dollar, 2 000 dollar bonus, jangdan bir hafta oldin 4 500 dollar rag‘bat to‘lovi);
Billi Kuarantillo — 46 000 dollar (jang uchun 40 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 6 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Nassurdin Imavov — 44 500 dollar (jang uchun 20 000 dollar, g‘alaba uchun 20 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 500 dollar rag‘bat to‘lovi);
Edmen Shahbazyan — 38 000 dollar (jang uchun 32 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 6 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Melsik Bagdasaryan — 30 000 dollar (jang uchun 12 000 dollar, g‘alaba uchun 12 000 dollar, bonus 2 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Filipp Xouz — 26 500 dollar (jang uchun 22 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 500 dollar rag‘bat to‘lovi);
Kris Kyortis — 24 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, g‘alaba uchun 10 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Ian Garri — 24 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, g‘alaba uchun 10 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Jon Allan — 18 000 dollar (jang uchun 14 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Andreas Mixaylidis — 16 000 dollar (jang uchun 12 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Jordan Uilyams — 14 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Bruno Souza — 12 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, bonus 2 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi);
Ci-Jey Vergara — 12 000 dollar (jang uchun 10 000 dollar, bonus 2 000 dollar, jangdan bir hafta oldin 4 000 dollar rag‘bat to‘lovi).

“Real” qishda naq 6 nafar futbolchisi bilan xayrlashmoqchi

Madridning “Real” klubi qishki transfer mavsumida bir qancha futbolchilarini sotuvga qo‘yishni rejlashtirmoqda. 

Nashrning xabariga ko‘ra, “qaymoqranglilar” Xesus Valexo, Luka Yovich, Eden Azar, Garet Beyl, Marselo va Isko kabi futbolchilarni transferga qo‘ymoqchi.

“Qirollik klubi” tarkibni tubdan yangilamoqchi va yuqorida nomi keltirilgan futbolchilarni jamoaga ortiq keragi yo‘q, deb hisoblamoqda. Madrid klubi sotuvdan tushgan mablag‘ni fransiyalik hujumchi Kilian Mbappeni sotib olish, hamda Vinisius Junior bilan yangi shartnoma imzolashga sarflashni mo‘ljallamoqda.

“Manchester Yunayted” Sulsher o‘rniga boshqa nomzod topdi 

Angliya Premer ligasidagi bir qator omadsiz uchrashuvlardan so‘ng, “Manchester Yunayted” rahbariyati jamoaning norvegiyalik murabbiyi Ole-Gunnar Sulsherni iste’foga chiqarishga qaror qildi. Bu haqda “We all follow united” xabar bermoqda.

Manba tarqatgan xabarga ko‘ra, Gleyzerlar oilasi “Manchester Siti”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng shunday qarorga kelgan (0:2). 

Ta’kidlanishicha, Sulsher o‘rniga “Lester” ustozi Brendan Rojers tayinlanishi mumkin. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, shotlandiyalik mutaxassis ham “qizil iblislar”ni boshqarishga qarshi emas. Faqatgina, kelasi mavsum boshidan klub murabbiylik lavozimiga kelishni istamoqda. Ushbu  taklif MYU rahbariyatiga unchalik to‘g‘ri kelmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

153

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing