Dahshat! Izyumdagi ommaviy qabristondan 436 kishining jasadi topildi
Olam
−
24 Sentabr 2022
17245Ukraina rasmiylari Izyum ommaviy dafn maydonidan jasadlarni qazib olish ishlarini yakunlaganini ma’lum qildi. Mazkur hududdan 436 ta jasad topilgan, ulardan 30 tasida qiynoq izlari bor.
“Rossiya bosqinining insoniy qurbonlari haqidagi dahshatli dalillardan biri shuki, jasadlarning aksariyatida qiynab o‘ldirish belgilari bor edi. Bo‘yniga arqon bog‘langan, qo‘llari bog‘langan, oyoq-qo‘llari sindirilgan va o‘qdan yaralangan jasadlar bor. Bir qancha erkaklarning jinsiy a’zolari kesilgan”, deydi Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov o‘zining Telegram-kanalida.
Uning qayd etishicha, bularning barchasi bosqinchilar Izyum aholisini qanday dahshatli qiynoqlarga duchor qilganidan dalolat beradi.
Sinegubovning qo‘shimcha qilishicha, jasadlarning aksariyati tinch fuqarolar bo‘lib, faqat 21 nafari harbiylardir.
Aprel oyida Ukrainaning Xarkov va Donetsk viloyatlari chegarasi yaqinida joylashgan Izyum shahri ishg‘ol etilgunga qadar Rossiyadan shiddatli artilleriya hujumiga uchragan edi. Keyin esa u besh oylik okkupatsiya davrida bosqinchi harbiylar uchun muhim markazga aylandi.
Ukraina kuchlari mazkur oyda Rossiyaning sharqdagi hujumiga qarshi strategik zarba berib, shahar nazoratini qaytarib oldi. Ukraina qo‘shinlari Xarkov viloyati orqali sharqqa yangi hujum boshlaganidan so‘ng, rus qo‘shinlari strategik sharqiy shaharni tark etishga majbur bo‘ldi.
Ukrainaning hujumi minglab kvadrat kilometr hududlarni muvaffaqiyatli qaytarib olinishiga olib kelishi barobarida, tinch aholi va askarlarning Rossiya kuchlari qo‘lida boshdan kechirgan dahshatlari haqidagi dalillar ham fosh bo‘ldi.
Sinegubovning aytishicha, bu topilgan maydon yagona ommaviy qabriston emas. Xarkov viloyatining ozod qilingan boshqa tumanlarida yana kamida uchta shunday ommaviy qabristonlar bor.
Uning qo‘shimcha qilishicha, topilgan jasadlarning har birining aytib berishi mumkin bo‘lgan o‘z hikoyasi bor va Sinegubov “ularning qarindoshlari va do‘stlari haqiqatni bilishi va qotillar jazolanishi uchun” har bir o‘lim holatini aniqlashtirishga va’da bergan.
“Bosqinchilarning barcha jinoyatlari hujjatlashtiriladi, jinoyatchilar qilgan ishining badalini to‘laydi”, deydi Sinegubov.
U 200 kishiga, jumladan, tibbiy ko‘rikdan olib boruvchi shifokorlar, militsiya xodimlari va favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlariga har kungi ruhiy jihatdan og‘ir, ammo nihoyatta zaruriy ishlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi