Chiroqchi IIBdan o‘ligi chiqqan fuqaro ishi bo‘yicha sud boshlandi
3-sahifa
−
08 Sentabr 2020
10031Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida joriy yilning 23 yanvarida fuqaro Ichki ishlar binosida qiynoqqa solinishi natijasida vafot etgani haqida xabar bergan edik. Hodisa bo‘yicha ikki kishi hibsga olinib, tergov harakatlari boshlangandi.
Bugun, 8 sentyabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi binosida ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda sudlanuvchilar:
• N.Ovlayev (1989 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan),
• A. Janqabilov (1985 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan),
• Sh. Raxmonov (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, uch nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
• A. Tojinorov (1994 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan),
• B. G‘ayratov (1995 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlangan, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi.
Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.
Sudlanuvchilar:
N. Ovlayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish), 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) va 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) da;
A. Janqabilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
Sh. Raxmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi, 235-moddasi va 241-1-moddasida;
A. Tojinorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 206-moddasi, 234-moddasi va 235-moddasida;
B. G‘ayratov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 241-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Voqealar rivoji qanday?
Joriy yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanning Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harkatlari olib borildi.
Mazkur ish bo‘yicha boshlangan tergov joriy yilning 22 iyun kuni nihoyasiga yetgan.
Ochilgan jinoyat ishi doirasida 5 kishiga ayblov e’lon qilingan. Jumladan Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB boshlig‘i JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIB jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham JKning 241, 206, 104, 234, 235-modalari bilan ayb e’lon qilingan va qamoqqa olingan.
Chiroqchi tumani IIO FMBning 4-son IIBning ikki nafar profilaktika inspektori va jinoyat qidiruv guruhining tezkor vakiliga ham yuqoridagi moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 iyun kuni o‘tgan odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar xususida videoselektor yig‘ilishida joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB, may oyida Andijon shahar IIBdagi tergovlar natijasida ikki kishining vafot etishiga e’tibor qaratib, mas’ullarni qattiq tanqid qilgandi.
“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.
Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi”, degan edi Mirziyoyev.
Prezident Qashqadaryo va Andijondagi jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob berayotgani, 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etilgani, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi