Chiroyli hisobotlar ortidagi qiynoqlar: Andijon va Chiroqchi voqeasi tasodif emas
Tahlil
−
03 iyul 2020
37543Andijon va Chiroqchida sodir bo‘lgan inson huquqlarining poymol qilinishi bilan bog‘liq mash’um voqealar ijobiy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan mamlakat aholisini sergak torttirib, ko‘plab ilhomlantiruvchi va’dalarni so‘roq ostiga qo‘ymasligi lozim. Ikki holatda ham jabrdiydalarning do‘pposlanib o‘ldirilishi olib borilayotgan islohotlarga ko‘lanka tushiradi. Jamiyatshunoslik nazariyasi bo‘yicha bu poytaxtdan uzoqda joylashgan metropoliyalarga markaz farmonlari yetib bormayotgani, ta’sir doirasi yetishmasligi yoki uning ijro intizomi tobora sustlashib ketayotganini anglatadi. Bu esa hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari uchun katta xavotirli signal.
Qog‘ozda qolayotgan haqiqatlar
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari, shu jumladan qiynoqlarga qarshi jon-jahdi bilan qarshi masalalarda xalqaro hamjamiyatning turli nufuzli hujjatlariga imzo chekib, qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olganiga chorak asrdan oshdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995 yilning 31 avgustidayoq Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1984 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi Konvensiyasi”ga qo‘shilgan. Qizig‘i, konvensiyaning to‘liq matni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida faqat rus tilida joylashtirilgan.
Undan tashqari mamlakat hududida “hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”ligi haqidagi inson sha’nini himoya qilishga undalgan muqaddas jumlalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh Qomusi – Konstitutsiyaning 26-moddasi, "Sudlar to‘g‘risida"gi qonunning 10-moddasi, Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasida aniq-tiniq so‘zma-so‘z keltirilgan. Zikr etilgan kodeksning 951-moddasida faktik ma’lumotlar guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida bo‘lishi mumkin bo‘lgan “jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda olingan bo‘lsa, ular dalil sifatida maqbul emas” deb topilishi belgilangan.
Hatto O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasida qiynoq holatlari sodir bo‘lgan taqdirda qiynoq qo‘llagan kishilarga nisbatan jazo turlari batafsil chunonchi, ozodlikdan mahrum qilishgacha jazolanishi bayon etilgan.
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida esa “ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqlar hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2003 yilda qabul qilingan “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida qarori”ning 18-19 moddalarida barcha mumkin va mumkin bo‘lmagan bandlar, shu jumladan “gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini buzish natijasida olingan dalillar ayblov asosiga qo‘yilishi mumkin emas”ligi, “surishtiruvning yoki tergovning qiynoqqa solish yoxud qonunga xilof boshqa usullari qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi har bir murojaat fakti bo‘yicha arz qilingan vajlarini sinchiklab tekshirish, shu jumladan, tibbiy guvohlantirish o‘tkazish orqali sinchiklab tekshirishlari va natijasiga qarab, tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga qadar protsessual yoki boshqa huquqiy choralar ko‘rishlari shart”ligi aniq-ravshan qayd etilgan.
Qonun buzilishlarda ish figurantiga aylanib qolayotgan xodimlarga taalluqli O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsipi” tavsiflangan 8-moddasida ham “Qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma’naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shart”ligi alohida ta’kidlangan. Bu respublika qonunchiligidagi qiynoqlarga oid bandlar.
Mamlakat tashqarisidagi ob-havo
O‘zaro ikkitomonlama va ko‘ptomonlama muzokaralar kun tartibida inson huquqlarini hamisha qo‘llab-quvvatlovchi ayrim chet el mamlakatlari, xalqaro davlatlararo va nohukumat tashkilotlarining O‘zbekistondagi qiynoqlar masalalari bo‘yicha e’tirozlari talaygina. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan qiynoqlar haqida ilk bor 2002 yilning oxiriga kelib keng boxabar bo‘lgan. Bunga o‘sha yili 24 noyabr-6 dekabr kunlari BMTning qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi, jo‘n qilib aytganda, revizor-tergovchisi gollandiyalik mashhur huquqshunos Teo van Bovenning O‘zbekistonga tashrifi debocha yasagan. Tashrif natijasida u tayyorlagan 64 betdan iborat hisobotda mamlakatdagi qiynoqlar yakka-dukka emas, balki keng quloch yozib tizimli ravishda ro‘y berishi ta’kidlangan. Unda, shuningdek, hibs etilgan gumonlanuvchi va suddan keyingi mahbuslardan olinuvchi tushuntirish xat iqrornomalari qiynoq va turli tahdidlar ostida olingani bois dalil-alibi sifatida mutlaqo asossiz sifatida ko‘rish lozimligi, rasman ommalashtirilmagan ichki xizmat yuzasidagi ko‘rsatmalar qonunlardan ustun turishi, qo‘li kalta advokatlik xizmati, qamoqxona va hibsxona faoliyati bilan tanishishda duch kelingan cheklovlar, jazoni ijro etuvchi organlari xodimlarining javobgarlikka tortish shaffof mexanizmining yo‘qligi va uni xaspo‘shlash holatlari haqida bong urilgan. Qiynoqlarning shakllari sifatida qaynagan yo muzdek suvga solish yo sepish, tirnoqlar ostiga igna qadash, sellofan paket bilan boshni berkitib nafas oldirtirmaslik, taom, uxlashga izn bermaslik, urish, tepish, so‘kinish, tupirish, baklajkani ishga tushirish, yoniq sigaretani bosish, oyoq-qo‘llarni bog‘lash, oyog‘i bilan osib qo‘yish, jinsiy a’zolarga elektroshoker bilan hamla qilish, yaqinlarini yalang‘och holda olib kelish, xotin-qiz halajlarini zo‘rlash bilan tahdid qilish, arzimas bahonalar bilan tahqirlash, muddatni uzaytirish va h.k. keltirilgan.
Ushbu hisobotda van Bovenning O‘zbekiston ombudsmani Sayyora Rashidovaning “o‘z idorasining moliyaviy va kadrlar yetishmasligidan afsusda ekani, boshqa davlat organlari har doim ham to‘la hamkorlik qilmasligi va barcha tegishli ma’lumotlar bilan baham ko‘rishmasligi” haqidagi e’tirofi diqqatga molikdir. Ma’lumki, S.Rashidova ushbu ahamiyatli lavozimda 1995-2015 yillar davomida faoliyat yuritgan. Jamoatchilik uning o‘zbek tilida biron marotaba matbuotda chiqish qilganini arang eslaydi. O‘n, balki yuz minglab aksariyat arizalar o‘zbek tilida yozilganini inobatga olinsa, uning faoliyati salmoqli bo‘lmaganini ilg‘ash murakkab emas.
Bir necha oy o‘tib, 2003 yil bahorida O‘zbekiston rasmiylari orqali BMT agentligiga jo‘natilgan notada ushbu hisobotga o‘z e’tirozlari ifoda etilgan. Mazkur nota tahlili shuni ko‘rsatadiki, unda xalqaro darajadagi hisobot qayd etilgan bandlar bilan bahsga kirishib, O‘zbekistonda amaldagi qonun hujjatlarining tegishli moddalariga iqtiboslar, Ombudsman bo‘yicha qabul qilinishi kutilayotgan bo‘lajak qonun o‘zgartishlariga oid ishontirishlar va umuman olganda Bag‘dodda hammayoq tinch, xavotirga o‘rin yo‘q, biz ochiqmiz, bemalol faqat oldindan ogohlantirib kelaveringlar, ma’nosidagi fikrlar bilan cheklanilgan.
Qiynoqlarning jilovsiz avjga chiqish pallasi mamlakatda o‘sha kezlardagi notinch diniy fon, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin O‘zbekistonning AQSH, Buyuk Britaniya bilan munosabatlarining yuqori pog‘onaga chiqishi, Qarshi-Xonobodda Amerika harbiy bazasining ochilishi va eng muhimi Toshkentning zamon zayli bilan Vashingtonning “rendition” dasturida ishtirok etib qolgani bilan bog‘liq. “Rendition” – xalqaro huquqdagi nisbatan yangi atama hisoblanib, deportatsiya va ekstraditsiyadan farqli ravishda na xalqaro, na mahalliy qonunchilikka rioya qilgan holda asirga tushgan shaxsning ixtiyoriga zid ravishda bir davlatdan ikkinchi davlatga, yoki ikkinchi davlat orqali uchinchi davlatga majburiy ravishda asosan havo yo‘llari orqali ko‘chirish tushuniladi. Xorijda chop etilgan manbalarga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘oniston va Iroqda olib borgan aksil-terror harbiy amaliyotlarida asirga tushganlarni jazoni ijro etish yo tegishli hukm chiqarish maqsadida muayyan iqrornomalarni “ekspertlar darajasida” to‘plash uchun Markaziy Razvedka Byurosi o‘zining dunyodagi o‘nlab ittifoqdosh mamlakatlarining yopiq ob’ektlariga so‘roq qildirish uchun jo‘natgan. Mazkur mamlakatlar ro‘yxatida O‘zbekiston ham bor.
Orada Teo van Boven faoliyatidan (2001-2004) keyin qarorgohi Jenevada joylashgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi tarkibida qiynoqlar masalasi kuratorligiga Manfred Novak (2004-2010), Xuan Ernesto Mendes (2010-2016) va Nils Melser (2016 yildan boshlab) rahbar bo‘ldi. Van Bovenning O‘zbekistonga tashrifi hozircha umumiy inson huquqlari emas, balki aynan qiynoqlar masalasini o‘rganish uchun kelgan yagona holatligicha qolmoqda.
Mushohadaga chorlovchi ayrim nuqtalar
1. Axborot davri bo‘lmish XXI asrda feodalizm sarqitlariga xos bu kabi xunuk qiynoqlarning qo‘llash voqealarining to‘xtovsiz urchishi O‘zbekiston uchun katta manfiy belgisidir.
2. Modomiki, islohotlari bilan tanilib kelayotgan yangi O‘zbekiston ham mamlakat ichkarisi, ham tashqarisidagi afkor omma hamda O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatiga bevosita yo bilvosita ta’sir kuchiga ega bo‘lgan markazlar ko‘z o‘ngida o‘z siymosini yaxshilashga chinakamiga bel bog‘lagan ekan, qonun himoyasida turishi lozim bo‘lgan qonun buzg‘uvchilar o‘sha ko‘p iqtibos keltiriluvchi qonun hujjatlari asosida ochiq, shaffof va oshkoralik asosida jazoga tortilishi darkor. Ularning quyi yo o‘rta darajada faqat uzr so‘rab, suvdan quruq chiqishi kulguli, kechirilmas va tuturiqsizdir.
3. Yuqoridagi mahalliy va xalqaro me’yoriy-huquqiy hujjatlardan tegishli mutasaddilar bexabarmi? Buning uchun quyi va o‘rta pog‘onadagi huquq-tartibot organlari vakillarini jinoyat protsessual faoliyatni sivilizatsion holatga o‘tkazish bo‘yicha kechiktirilmas chora-tadbirlarni ishlab chiqib, uni og‘ishmay tatbiq etishni taqozo etmoqda. Bunda ayniqsa ba’zi ichki ishlar xodimlarining ruhiy-psixologik bardoshlik darajasi va sado-mazoxizm – azob berishdan huzurlanish hissidan uzoq ekanligiga amin bo‘luvchi tegishli tashxis testlarini ishlab chiqish va joriy qilish masalasini ko‘ndalang qo‘yish fursati yetdi.
4. Bo‘lib o‘tgan va bo‘layotgan alg‘ov-dalg‘ovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida belgilangan farmon rejalariga tamomila zid bo‘lib, undagi ko‘rsatkichlarni chippakka chiqarish ehtimoli baland. Aks holda, bu avvalo tobora oshkoralikka oshno bo‘lib borayotgan jamoatchilik oldida mutasaddi tashkilotlarning ortiqcha tushuntirish va ortiqcha oqlanishlariga sabab bo‘lishi tabiiy.
5. Matbuotdagi pala-partish chiqishlar qiynoqlar masalasida muassasalar o‘rtasida o‘zaro puxta muvofiqlashuv mavjud emasligini ham ko‘rsatdi. Odatda qiynoqlarning aksariyati ichki ishlar organlari tomonidan sodir etiladi, deb tushuniladi. Bu degani xavfsizlik organlari qiynoqlarni qo‘llamaydi degani emas. Ular ham qo‘llaydi, lekin konspirologiya san’atini yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan xodimlar bu qilmishlarni nisbatan izsiz, toza amalga oshirgan.
6. Qiynoqlar masalasi kun tartibining eng birlamchi qatorida bo‘lishi lozim bo‘lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi orasidagi xizmat vakolatlari tushunarsiz ravishda o‘zaro chatishib ketgan. IMHO fikrimizcha, bu ikki tashkilotni birlashtirib, unga boshliq qilib ehtimol muloyimlik bilan andisha qilmaydigan va master-klasslarni kutib o‘tirmaydigan dadilroq huquqbonning shaxsan o‘zini rahbar etib tayinlash, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday lavozimlarga siyosiy kon’yunkturadan kelib chiqib nomzodlarni ishga tayinlash amaliyotidan butunlay voz kechish vaqti keldi. Bu esa aynan davlatning xalqaro reytinglari uchun ham, muassasalar orasidagi boshboshdoqliklarga chek qo‘yish uchun ham imkoniyatni oshiradi. Ombudsman vakolatxonasining normal faoliyat olib borishi uchun yetarli moddiy texnik bazasidan mosuvoligi haqidagi iqrori esa inson huquqlarini amalda himoya qilish masalasiga e’tibor berilmayotganligini namoyon etadi.
7. Shuningdek, qiynoqlar masalasini doimiy ravishda monitoring qilib boruvchi qarorgohi Nyu-Yorkda bo‘lgan Human Rights Watch va Londonda joylashgan Amnesty International kabi xalqaro nohukumat hisoblanuvchi tashkilotlar mavjud. Tan olish lozimki, aynan ularning bilvosita sa’y-harakatlari, muntazam bong urgan ma’ruza va chiqishlari hamda negadir tasodifanmi xorijiy davlat rahbarlarining tashrif va muloqotlari arafasida o‘nlab dong‘i chiqqan mahbuslar ozod etilgan.
8. Gapning po‘st kallasi va ishkallarning ozamayotgani demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidan odimlab ketayotgan mamlakatda ijrochi hokimiyatning qonun chiqaruvchi va sud-huquq organlari ustidan qiyrab turgan do‘mbira va to‘qmoq siyosatidir. Toki, ijrochi hokimiyat tanish-bilish, telefon kuchi yo boshqa allambalo go‘zal qonunlarimizni chetlab o‘tuvchi qudratga ega bo‘lar ekan faqiru-fuqarolarga omonlik bo‘lmaydimi endi, degan fikrdan o‘zimiz ham xavotirdamiz.
9. Yaqinda chop etilgan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi yo‘l xaritasida 2021 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish, xorijiy tajriba inobatga olingan holda “terrorizm, ekstremizm va korrupsiyaviy jinoyatlarni, shu bilan birga uyushgan guruh hamda jinoiy uyushma tarkibida qiynoqqa solish usullaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan keskin jinoyatchilikka qarshi siyosatni davom ettirishni nazarda tutish" to‘g‘risidagi band inson qadr-qimmatini himoya qilish va og‘ir jinoyatlarni fosh etish o‘rtasidagi nozik muvozanatni saqlash ustida tegishli doiralar hali-hanuz aniq to‘xtamga kelmaganlaridan dalolat berishi mumkin.
10. BMT inson huquqlari bo‘yicha barcha muassasalar O‘zbekiston ham qo‘shilgan hamda qabul qilingani har yili keng nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (10.12.1948 y.)da qayd etilgan band va nizomlar asosida boshqariladi. Aslida mazkur deklaratsiyaning 5-moddasida ko‘rsatilgan qiynoqlarga nisbatan xalqaro darajadagi murosasizlik bandi yuqorida sanab o‘tilgan milliy qonunchilikdagi barcha hujjatlarda o‘z aksini topib, ularga uyg‘unlashtirilgan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 1991 yil 30 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanadi. 90-yillarda xalqaro hamjamiyat orasida endigina bo‘y cho‘zayotgan yosh, mustaqil O‘zbekiston uchun bu o‘z vaqtida katta nufuz, xalqaro e’tirof va iftixor bo‘lgan edi. Endi mamlakatdan o‘z zimmasiga olgan xalqaro va respublika miqyosidagi majburiyatlarning ruhi va harfiga monand qadam qo‘yishi uchun undan tegishli iroda, salohiyat va hisobdorlikni oshirishni taqozo etadi.
Zabixulla Saipov,
siyosiy fanlar nomzodi
LiveBarchasi