Prezident tanqididan keyin IIV fuqaro o‘limi uchun uzr so‘radi
Jamiyat
−
01 iyul 2020
12936Ichki ishlar vazirligi fuqaroning Andijon shahrida IIB binosida kaltaklanishi va shifoxonada vafot etgani bo‘yicha marhumning yaqinlaridan uzr so‘radi.
“30 may kuni Andijonda sodir bo‘lgan hodisa bizning kamchiliklarimiz to‘g‘risida eslatib turadi.
Andijonda bo‘lgan holat yuzasidan har bir aybdor javobgarlikka tortiladi va tizimimizni shaffoflashtiramiz. Holat yuzasidan barchadan uzr so‘raymiz”, dedi IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov Xalqaro press-klub sessiyasida.
G‘iyosov voqea sodir bo‘lganidan keyin Andijon IIB rahbariyati, hokimiyat, prokuratura vakillari borib, marhumning oilasidan xabar olishgani va uzr so‘rashganini ma’lum qildi.
“Davolanish jarayonida va vafot etganidan keyingi jarayonlarda yordam berishgan. Endi bularning oilasi OAVda e’lon qilishni xohlamagan va shuning uchun bu e’lon qilinmagan”, deya qo‘shimcha qildi Shohruh G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev selektorda Andijon va Chiroqchida IIBdan fuqaroning o‘ligi chiqqanini eslatib, tergovdagi qiynoqlar masalasini qattiq tanqid qilingandi.
“Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi.
Nima uchun tezkor-qidiruv va tergovni nazorat qiluvchi prokurorlar, ichki ishlar rahbarlari bunga biz aybdormiz, deb chiqib aytmaydi. O‘sha xodimlarning bilimini oshirmadik, qonun bilan ishlash, odamlar bilan muomala qilishga o‘rgatmadik, deb nima uchun xalqdan kechirim so‘ramaysizlar? Bu kabi noxush holatlar takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi?”, degan edi davlat rahbari.
LiveBarchasi