Surxondaryoda er xotini va 5 oylik bolasini bir necha oy qiynab, molxonada saqladi (video)
3-sahifa
−
04 Sentabr 2025 17460 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida erkak ayoli va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilib, ularni 5 oy davomida majburan molxonada saqlagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 26 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi mahallalarning birida noma’lum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilgani haqida IIBga xabar tushgan. Shunga asosan, mahalla profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, xonadon egalarining qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzgan. Natijada 1981 yilda tug‘ilgan xonadon egasi Sh.A. molxonada 1997 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i X.G. va uning 5 oylik o‘g‘il farzandini og‘ir sharoitda majburlab saqlab kelayotgani aniqlangan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.
Holat o‘rganilganda xonadon egasi fuqaro Sh.A. shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, turmush o‘rtog‘i X.G.ni ruhiy holatidagi o‘zgarishlari borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi) foydalanib, bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ishlatib, majburlab, xonadon ichidagi molxonada yashirin ravishda saqlab kelgani aniq bo‘lgan.
Hozirda jabrlanuvchi X.G. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa Tug‘uruq bo‘limiga davolanish uchun joylashtirilib, ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi ma’sullari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “a”, “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Sh.A. protsessual tartibda qamoqqa olingan. Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan xonadonda yashovchi boshqa fuqarolar ham tergovga jalb qilinib, bir nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Hozirda ish yuzasidan barcha tegishli sud-tibbiyot ekspertizalari tayinlanib, tergov-protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ota o‘z bolalarini haqoratlab, ayovsiz urib-tepib, kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
Barchasi