Byudjet mablag‘lari ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish taklif etildi
Jamiyat
−
10 iyul
4906Prezident Shavkat Mirziyoyev byudjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirgi tizimda faqat byudjet va maqsadli jamg‘armalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86 foizini tashkil etadi. Taklifga ko‘ra, endilikda byudjetdan tashqari jamg‘armalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlar ham tashqi audit bilan qamrab olinadi.
“So‘nggi yillarda hududlar rivojiga katta mablag‘lar yo‘naltirilyapti. Lekin mahalliy kengashlar byudjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman byudjeti bilan cheklanyapti. Bu – har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablag‘larning 65-70 foizi ularning nazoratidan chetda qolyapti, degani”, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Hisob palatasi byudjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi aytilgan. Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi bo‘yicha axborot texnologiyalari auditi joriy etilishi mo‘ljallanyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ davlat byudjetida rekord darajada taqchillik kuzatilayotgani haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yilning I yarim yilligining o‘zida byudjet defitsiti 38 trln so‘mdan oshgan.
LiveBarchasi