Davlat byudjetida rekord darajada taqchillik kuzatilmoqda
Tahlil
−
22 iyun
54449O‘zbekistonda yanvar-may oylarida Davlat byudjeti taqchilligi (byudjet xarajatlarining daromadlardan ko‘p bo‘lishi) 29 trln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Iyun oyining dastlabki 10 kunligining o‘zida byudjetda 9,1 tlrn so‘mlik defitsit kuzatildi. Shunday qilib, 2024 yil yarmiga yetmasdan byudjetdagi taqchillik 38 trln so‘mdan oshdi. Umuman olganda, O‘zbekiston byudjet defitsiti va davlat qarzi bo‘yicha rekordlarni yangilab bormoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2024 yilning 1 iyunidan 13 iyuniga qadar byudjetda daromad va tushumlar 7 tlrn 300,2 mlrd so‘mni, xarajatlar esa 16 trln 521,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shunday qilib, byudjet taqchilligi 9 trln 221,3 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Taqqoslash uchun, bu raqam 2020 yilning yarim yillik (!) defitsit (6 trln 721,9 mlrd so‘m) ko‘rsatkichidan 1,5 barobarga ko‘p.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bunday katta xarajat odatdagi davrda emas, iyun oyida kuzatilganiga e’tibor qaratdi.
“Aytish kerakki, iyun oyining ilk dekadasi byudjet muvozanati uchun murakkab hisoblanadigan yanvar va fevraldan ham og‘irroq kelgan. Iyun oyi daromad va xarajatlaridagi farq yanvar va fevral oyi xarajatlaridan ham ko‘proq bo‘lgan. Vaholanki, oy boshida byudjet uchun eng katta xarajat hisoblanadigan byudjet xodimlarining ish haqi (6,9 trln so‘m) ulushi 52,5 foizgacha tushgan. Solishtirish uchun, bu miqdor yanvarda 63,1 foizni tashkil etgan (6,8 trln.so‘m).
Bu qanday xarajatlar bo‘lishi mumkin? Ochiq ma’lumotlar bo‘lmagach, aniq xulosalar berish qiyin.
Lekin energetika bo‘yicha tariflar keskin oshirilganidan keyin ham byudjet muvozanatining barqarorlashishi kechikayotgani o‘ziga qo‘shib iqtisodiyotni ham tubga botirayotgan energetika tizimini turli ko‘rinishlarda moliyalashtirish davom etayotganiga ishoralar beradi”, deydi iqtisodchi Bakirov.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yilning yarim yilligidagi byudjet defitsiti 40 trln so‘mga yaqinlashgan. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Agar taqchillik dinamikasi shunday o‘sishda davom etsa, 2024 yilni O‘zbekiston 80 trln so‘mlik defitsit bilan yakunlashi mumkin.
Byudjet taqchilligi qayerdan qoplanadi?
Tabiiy savol tug‘ilishi mumkin – davlat xarajatlari o‘rni qanday to‘ldiriladi? O‘zbekiston bir necha yillardan buyon byudjet taqchilligini tashqi qarz hisobidan qoplab kelyapti. “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida qarz jalb qilinishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu qonunda 2024 yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdoridan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Qonun bo‘yicha 2024 yilda Davlat byudjeti daromadlari 375 trln so‘m, xarajatlari 427 trln so‘m, defitsit esa 52,6 trillion so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi.
Ammo o‘z odatiga muvofiq O‘zbekiston byudjet taqchilligi chegarasidan oshib o‘tishi mumkin. Masalan, 2023 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori YAIMning 3 foizi miqdorida bo‘lishi belgilangan edi, lekin 2023 yilda defitsit 59 trln so‘mga yetib, YAIMning 5,5 foizini tashkil etdi. Shundan so‘ng, “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, taqchillik chegarasi YAIMning 3 foizidan 5,5 foiziga, xarajatlarni qoplash uchun ishlatilgan tashqi qarz chegarasi 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollarga o‘zgartirildi.
O‘zbekistonning tashqi qarzi ham ortib bormoqda
Iqtisodiyot va moliya vazirligi statistikasiga ko‘ra, 2024 yilning I choragi bo‘yicha O‘zbekiston gardanidagi davlat qarzi 35 mlrd 342 mln dollarga yetgan. Shundan 29 mlrd 457 mln dollar (83 foiz) tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
2022 yilda Davlat qarzi hajmi 29,2 mlrd dollarni tashkil etardi. 1,5 yil ichida bu ko‘rsatkich 6,1 mlrd dollarga oshdi.
Umuman olganda, 2024 yilning aprel oyidan bir qancha tovarlarga nisbatan QQSning bekor qilinishi, may oyidan gaz va “svet” narxlari oshirilishi davlat xarajatlarini kamaytirishi kutilayotgan edi. Ammo unday bo‘lmadi.
Davlat byudjeti xarajatlari va tashqi qarz ortib borayotgan bir paytda vazirlik va davlat boshqaruv tashkilotlari xodimlarining byudjet hisobidan amalga oshirayotgan sarf-xarajatlari, minib yurgan qimmatbaho xizmat mashinalari-yu, o‘tkazayotgan shou-festivallari jamoatchilik tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. QALAMPIR.UZ avvalroq Madaniyat vazirligi “Ovoz” loyihasiga byudjetdan 2 mlrd so‘m mablag‘ ajratgani, Samarqand viloyati prokuraturasi xodimlari byudjet mablag‘laridan 200 mln so‘mga qimmatbaho smartfonlar sotib olgani haqida maqola tayyorlagan edi.