O‘zbekiston iqtisodi o‘syapti, ammo xavflar ham mavjud – XVJ
Jamiyat
−
03 Oktabr
6558O‘zbekistonda davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotga nisbati pasayib ketishi prognoz qilinmoqda va bu soliq imtiyozlari bilan bog‘liq. Bu haqda Yasser Abdix boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining O‘zbekistonga 16-24 sentyabr kunlari amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha dastlabki xulosasida qayd etilgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari kuchliligicha qolmoqda. Prognoz ijobiy, ham xavflar, ham imkoniyatlar mavjud. Makromoliyaviy barqarorlikni ta’minlash va tarkibiy islohotlarni davom ettirish kuchli o‘sishni ta’minlash, buferlarni qayta tiklash va tashqi ta’sirlardan himoyalanish uchun muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari davom etmoqda
2024 yilning birinchi yarmida real YAIM o‘sish sur’ati yillik 6,4 foizni tashkil etdi. May oyining boshida energiya resurslari narxlarining oshirilishiga javoban iste’mol narxlari indeksi umumiy inflyatsiyasi aprel oyi yakunlari bo‘yicha yillik 8 foizdan so‘nggi oylarda taxminan 10,5 foizgacha tezlashdi. Iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha bazaviy inflyatsiya nisbatan barqaror bo‘lib, iyun oyidan avgust oyiga qadar yillik ko‘rsatkichda taxminan bir foiz punktga o‘sib, 7 foizni tashkil etdi.
Prognoz ijobiy bo‘lib qolmoqda: imkoniyatlar bilan birga xavflar ham mavjud
Bildirilishicha, yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 2024 yil va 2025 yilda 5,5 foizdan yuqori darajada kuchli bo‘lib qolishi kutilmoqda, bu davom etayotgan kuchli investitsiyalar va tarkibiy islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Prognozlarga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi inflyatsiyasi qattiq pul-kredit va soliq-byudjet siyosati hamda energiya resurslari narxi o‘sishi ta’sirining kamayishiga javoban asta-sekin pasayib boradi. Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2024 yilda YAIMning taxminan 6,25 foiziga, 2025 yilda esa 6,1 foiziga qisqaradi, shu jumladan, eksport va pul o‘tkazmalari hajmi katta bo‘lishi, 2023 yilda bo‘lgani kabi import qilinadigan mashina va uskunalarni bir martalik yirik xaridlardan voz kechish, shuningdek, byudjetni konsolidatsiya qilish hisobiga.
Prognoz yomonlashuvi xavflari qatoriga mintaqaviy geoiqtisodiy muammolar, xomashyo va tovar narxlarining o‘zgaruvchanligi, jahon iqtisodiyoti o‘sishining kutilmagan global sekinlashuvi, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi kiradi. Moliyaviy oqimlar va pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, shuningdek, oltin narxining oshishi yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
XVJ O‘zbekiston hukumatining makromoliya barqarorligini saqlash va iqtisodiy siyosat uchun zarur bo‘lgan zaxiralarni jamg‘arish bo‘yicha olib borilayotgan uzluksiz sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
Energoresurslar bo‘yicha 2024 yil may oyida yuz bergan tariflar oshirilishining ikkinchi to‘lqindagi ta’siri, shuningdek, 2024 yil sentyabr-oktyabrdagi ish haqi oshirilishi oqibatlaridagi noaniqliklar inflyatsiya kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni yaratadi. Shu jihatdan XVJ inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishilmaguncha qattiq pul-kredit siyosatini saqlab borishni tavsiya etgan. Agar inflyatsiya kutilganidan oshib ketsa, Markaziy bank stavkalarni oshirishga tayyor bo‘lishi kerak.
Shuningdek, XVJ missiyasi ikki yirik davlat banki – “Sanoatqurilishbank” va “Asakabank”ni xususiylashtirish jarayoni davom ettirilayotganini e’tirof etib, xususiy va davlat korxonalari o‘rtasidagi raqobatni tenglashtirishni tavsiya qilgan.
LiveBarchasi