O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori ochiqlandi
Jamiyat
−
26 dekabr
11285Bugungi kunda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan joriy yilning 9 oyi uchun O‘zbekiston to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei hamda tashqi qarzi bo‘yicha hisobotda keltirilgan.
Hisobot davri yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 32,5 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 27,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Shuningdek, 2024 yilning 9 oyida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga qisqarib, 3,4 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 4,3 foizni tashkil qilgan. Bunga savdo balansi manfiy saldosi o‘sish sur’atining o‘tgan yildagiga nisbatan pastroq shakllanishi bilan birga mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli darajada ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, joriy yilning 9 oyi davomida xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi hamda norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi natijasida eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga o‘sib, 19,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Mazkur davrda import hajmi o‘tgan yillarga nisbatan pastroq sur’atlarda o‘sib (5,5 foiz), 31,4 mlrd dollarga yetgan. Bu mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida xorijdan energoresurslar, mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari keltirilishiga qaramasdan, 2023 yilda ayrim turdagi tovarlarning bir martalik yirik importi hisobiga yuqori baza shakllanganligi bilan izohlanadi. Natijada, 2024 yilning 9 oyida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga ko‘payib, 12,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. O‘z navbatida, birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi musbat saldo bilan shakllanib, mos ravishda 973 mln dollar va 8 mlrd dollarni tashkil etgan holda savdo balansi taqchilligini qisman qoplagan.
Mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyasi hamda mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ish haqi miqdorining ko‘payishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar komponentlari bo‘yicha tushumlarning shakllanishini rag‘batlantirgan bo‘lsa, norezidentlarning investitsiya daromadlari oshishi xarajatlarni ko‘paytiruvchi omillardan bo‘lgan. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob bo‘yicha kapital tushumlar, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel investitsiyalar va boshqa manbalar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirilgan.
Jumladan, 2024 yilning 9 oyi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga o‘sib, qariyb 1,9 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi 1,7 mlrd dollarni tashkil qilib, asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga shakllangan. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga 2024 yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi 3,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Hisobot davrida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi 678 mln dollarga qisqarishi kuzatilgan. Biroq oltin jahon narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan qariyb 6,6 mlrd dollarga ko‘payib, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga 41,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
2024 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei joriy yil boshiga nisbatan 29 foizga mustahkamlanib, 2024 yil 1 oktyabr holatiga 16,3 mlrd dollarga yetgan.
Bunda rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi 0,8 mlrd dollarga (joriy yilning boshiga nisbatan o‘sish 13 foiz) oshgan bo‘lsa, tashqi majburiyatlari hajmi 7,1 mlrd dollarga (o‘sish 10 foiz) ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning I yarmida O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i 37 milliard dollarni tashkil etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi