Buzg‘unchilar nishoni bo‘lgan Olma-ota aeroporti qancha zarar ko‘rgani ochiqlandi

Olam

image

Qozog‘istonning eng yirik Olma-ota aeroportiga joriy yilning yanvar oyidagi namoyishlar ortidan deyarli 23 milliard tenge zarar yetgan. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi. 

Olma-ota ma’muriyatining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro aeroport bir necha kunlik to‘palonlar vaqtida 22,6 milliard tenge miqdorida zarar ko‘rgan.

Aytish joizki, joriy yilning 5 yanvar kuni kechqurun namoyishchilar aeroportga bostirib kirishgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yonib ketgan mashinalar va vayron qilingan aeroport zali aks etgan kadrlar tarqaldi. Yo‘lovchilar esa evakuatsiya qilingan.

Aeroport joriy 13 yanvar kunidagina faoliyatini tikladi. Olma-otada komendantlik soati joriy etilishi sabab bilan aeroport faqatgina 08:00 dan 21:00 gacha ochiq edi. Ham ichki, ham xalqaro reyslar amalga oshirilgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan terminalga faqat yo‘lovchilar kirishi mumkin edi.

Bugun, 19 yanvar kuni  00:00 dan esa favqulodda holat va komendantlik soati tugatilib, aeroport normal ish faoliyatini boshladi.

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi.

Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing