Buxorodagi sexda portlash bo‘ldi. Qurbonlar bor
3-sahifa
−
06 dekabr 6716 2 daqiqa
Bugun, 6 dekabr kuni Buxoro viloyati Kogon tumanida tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalarni ishlab chiqarish sexida portlash sodir bo‘ldi va oqibatda 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa soat 09:40 da Kogon tumani, “Mustaqillik” MFY hududida joylashgan “Shahms LTD” MCHJga qarashli sexda sodir bo‘lgan. U yerda tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalar ishlab chiqarilgan. “Shahms LTD” MCHJ 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tog‘-kon sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llaniladigan portlovchi moddalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi.
Yong‘in Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 7 ta qutqaruv bo‘linmalari tomonidan soat 10:27da to‘liq o‘chirilgan. Korxonaga qarashli ishlab chiqarish sexida ro‘y bergan portlash vaqtida omborda 30 nafar ishchi bo‘lgan, ulardan 4 nafari vafot etgan.
Yengil darajada tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, ularning 2 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan. Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Bildirilishicha, hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 dekabr kuni soat 10:50 larda Guliston shahar, Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan “Bek Family Cafe” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gazballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgandi. Hodisa oqibatida 3 kishi vafot etgan, 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr