Gulistondagi portlash qurbonlarining oilalariga 100 mln so‘mdan beriladi
Jamiyat
−
04 dekabr 3809 2 daqiqa
Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Guliston shahri, “Taraqqiyot” MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgani, oqibatda 3 nafar fuqaro vafot etib, 29 kishi jabrlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur hodisada qurbon bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan moddiy yordam ajratiladi. Bu haqda bugun, 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida topshiriq berdi.
Prezident qurbonlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirgan. Shuningdek, ularning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratishni topshirgan. Topshiriqqa ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori boshchiligida 10 nafar malakali shifokorlar brigadasi jabr ko‘rganlarga bepul sifatli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, mas’ul idoralarga ushbu baxtsiz hodisa sabablarini tez fursatlarda aniqlab, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirilgan. Umuman, ushbu fojia favqulodda vaziyatlar tizimi uchun katta saboq bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Qish oylarida bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha barcha mas’ullar 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi zarurligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev ushbu hodisada jabrlanganlarning holidan xabar olish uchun shifoxonaga borgan edi.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani boisYu ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov boshchiligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, qo‘shma jarrohlar xirurgi, travmatolog va mikroxirurglardan iborat mutaxassislar shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borib, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatgan.
O‘ta og‘ir ahvolda qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatida. Reanimatsiyadagi mavjud bemorlarning 5 nafari stabil og‘ir, nafasi mustaqil, hushida. Ayni paytda qabul qilingan bemorlardan ikki nafari homiladorligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar bemorning ham ahvoli qoniqarli bo‘lib, ular tegishli bo‘limlarda muolaja olmoqda.
Live
Barchasi