Buxoroda uch tumanni “yashil” toifadan chiqarish rejalashtirilyapti
Jamiyat
−
30 may 2020
10948Avvalroq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda "qizil", "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qilgani xabar bergan edik.
Yangi ro‘yxatda Buxoro viloyati “yashil” toifaga kiritilgan. Ammo kuni kecha viloyatning Shofirkon tumanida bir oilaning 7 a’zosida koronavirus aniqlangandi. Buxoro viloyati hokimligi ushbu vaziyat bo‘yicha o‘z izohini berdi.
“Joriy yilning 27 may kuni Shofirkon tumanida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar aniqlanganligi sababli, epidemiyaga qarshi kurash talablaridan kelib chiqib, viloyat hokimligi tomonidan mazkur tumanni “yashil” hududdan “qizil” hududga, Navoiy viloyatida ham kasallik o‘chog‘i mavjudligini inobatga olib unga yondosh bo‘lgan G‘ijduvon hamda Kogon tumanlarini “yashil” hududdan “sariq” hududga o‘tkazilishi yuzasidan taklif kiritildi.
Yaqin orada bu bo‘yicha hukumat komissiyasi qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan”, deyiladi hokimlik axborotida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.
Ammo karantin cheklovlari biroz yumshatildi. Xususan, “yashil” hududlarda belgilangan tartibda to‘y va oilaviy marosimlar o‘tkazishga hamda viloyatlararo harakatlanuvchi avtobuslar qatnoviga ruxsat berildi. 5 iyundan O‘zbekistonda futbol musobaqalarini davom ettirish belgilandi. Shu bilan birga barcha hududlar uchun birdek o‘z kuchida qoladigan cheklovlar ham e’lon qilindi.
LiveBarchasi