Buxoroda tabiiy ofat oqibatida to‘xtab qolgan korxonalar ishlay boshladi
Jamiyat
−
30 aprel 2020
4829Joriy yilning 27 aprel kuni Turkmanistondan kirib kelgan kuchli shamol Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi infratuzilma ob’ektlari va aholi xonadonlariga zarar yetkazdi. Energiya ta’minoti korxonalarida ish to‘xtab qoldi. Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar bo‘ldi.
Tabiiy ofat natijasida ushbu viloyatlardagi ayrim neft va gaz ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan edi. Bugunga kelib ularning faoliyati qayta tiklangan. Bu haqda "O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "O‘zbekneftgaz" AJ va "O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJning malakali mutaxassislari hamkorligida qilingan ta’mirlash va tiklash ishlari natijasida yuqori kuchlanishli elektr energiyasi Buxoro 110 KVt L-Gazli-2 podstansiyasiga berildi. 29 aprel kuni soat 03:00 dan boshlab "Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi"ga qarashli "Uchqir" gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasidagi barcha texnologik tarmoqlar va yuqori bosimli bug‘ yetkazib berish qozonlari qayta ishga tushirildi.
Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamentining ma’lum qilishicha, hozirda qurilmalar to‘liq ish rejimida faoliyat yurita boshlagan. "O‘ztransgaz" AJ magistral gaz quvurlariga soatiga 450 ming.kub metr tabiiy gaz yetkazib berish qayta tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, Turkmanistondagi bo‘ron O‘zbekiston hududiga ham o‘tdi. Xususan, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida kuchli shamol kuzatildi. Bo‘rondan keyin to‘rt viloyatda 140 mingga yaqin xonadon gaz ta’minotidan uzilib qoldi. Shuningdek, 31 kishi jarohatlanib, bir kishi halok bo‘ldi.
Buxoro viloyati tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatning Olot va Qorako‘l tumanlarini vertolyotda aylanib, yetkazilgan talafot bilan shaxsan tanishib chiqdi.
LiveBarchasi