Zilzila xavfi: JSST O‘zbekistonni ogohlantirdi
Jamiyat
−
14 iyul 17548 2 daqiqa
Zilzilalar dunyodagi eng ko‘p odam umriga zavol bo‘luvchi tabiiy ofatlar bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonning ham ayrim hududlari yuqori seysmik faollik zonalarida joylashgan. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ogohlantirish bilan chiqdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda tabiiy ofatlar bilan bog‘liq barcha o‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi aynan zilzilalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu mavzu alohida ahamiyatga ega. Qirg‘iziston va Tojikiston hududining deyarli bari, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim hududlari yuqori seysmik faollik zonalarida joylashgan. Mutaxassislar Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlarini o‘z ichiga olgan hamda 11 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysiga alohida e’tibor qaratmoqda.
JSST ehtimoliy zilzilalarga tibbiyot tizimining tayyorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlaydi. 2023 yilda Turkiya va Suriyada yuz bergan vayronkor zilzilalar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, agar shifoxonalar tabiiy ofatdan so‘ng darhol o‘z faoliyatini to‘xtatsa, minglab jabrlanganlar o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan tibbiy yordamsiz qolib ketishi mumkin.
Ekspertlarning qayd etishicha, tibbiyot muassasalarining seysmobardoshligiga kiritiladigan investitsiyalar ofat oqibatlarini bartaraf etish xarajatlariga qaraganda ancha kam. BMT baholashiga ko‘ra, yangi shifoxonalarni seysmobardoshlik talablarini hisobga olgan holda qurish loyiha qiymatini 4 foizdan kamroqqa oshiradi, mavjud binolarni modernizatsiya qilish esa ularning qiymatidan taxminan 1 foiz atrofida mablag‘ talab etishi va ularning kuchli yer silkinishlariga chidamliligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Tibbiyot infratuzilmasini mustahkamlashdan tashqari JSST muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni, shoshilinch tibbiy guruhlarning tayyorgarligini ta’minlashni, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirishni hamda aholining eng zaif qatlamlari – keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va majburiy ko‘chirilganlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etadi.
Mutaxassislar dunyodagi eng faol tektonik yoriqlardan birining yaqinida joylashgan Istanbul shahrini misol tariqasida keltirmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu hududda yaqin o‘n yilliklarda kuchli zilzila yuz berishi ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa nafaqat Turkiya, balki seysmik faolligi yuqori bo‘lgan boshqa davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham oldindan tayyorgarlik ko‘rish zarurligini yana bir bor isbotlaydi.
JSSTning bildirishicha, so‘nggi yirik zilzilalarning bosh sabog‘i shundan iboratki, navbatdagi ofat yuz bergunga qadar unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish shart.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24 iyun kuni Venesuelada ikkita kuchli zilzila sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni 4 500 ga yaqinlashdi, yana 16 ming 740 kishi jarohat olgani qayd etilgan. Hozircha bedarak yo‘qolganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot berilmagan.
Live
Barchasi