Buxoroda ham bog‘chalar yopildi. Vazirlik izoh berdi
Jamiyat
−
12:42 1106 2 daqiqa
Buxoro viloyatida havo haroratining 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, joriy yilning 15–17 iyul kunlari viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati to‘xtatiladi. Davlat bog‘chalari esa 20 iyuldan belgilangan tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
“Hurmatli ota-onalar! Mazkur vaqtinchalik cheklov faqatgina farzandlarimizning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik chora hisoblanadi. Sizlardan ushbu qarorni to‘g‘ri tushunishingizni hamda ushbu kunlarda bolalarning salomatligiga alohida e’tibor qaratishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bog‘chalarni yopish bo‘yicha barcha hududlarga umumiy topshiriq berilmaganini ma’lum qildi.
Vazirlikning QALAMPIR.UZ nashriga bergan ma’lumotida qayd etilishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini vaqtincha yopish masalasi hududlardagi vaziyatdan kelib chiqib hal qilinadi.
“Biz tomondan, masalan, 15 ta bog‘cha yopilsin yoki 20 ta bog‘cha yopilsin degan topshiriq yo‘q. Bu masalani vazirlik, mahalliy hokimliklar, O‘zgidrometning hududiy boshqarmalari hamda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari o‘zaro kelishgan holda, sharoitdan kelib chiqib hal qiladi”, deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Vazirlikka ko‘ra, bunday qarorlar barcha hududlar uchun bir xil emas, balki har bir hududdagi ob-havo sharoiti va bolalar xavfsizligidan kelib chiqib alohida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar bergan.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi. Keyinroq esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu choralar O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham vaziyatdan kelib chiqib joriy qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Xorazm viloyatidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilishi belgilandi. Shu bilan birga, Navoiy viloyatidagi ayrim bog‘chalar ham vaqtincha yopilgan edi.
Live
Barchasi