Bugun Emina Erdo‘g‘an dunyo birinchi xonimlarini Istanbulga to‘playapti

Olam

image

Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an bugun, 15 noyabr kuni Istanbul shahrida dunyo birinchi xonimlari bilan "Falastin uchun yagona yurak" sammitiga mezbonlik qiladi. 

Yig‘ilishda dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Qatar, Malayziya, O‘zbekiston davlat va hukumat rahbarlarining turmush o‘rtoqlari va maxsus vakillari begunoh G‘azo xalqining murojaatini butun dunyoga yetkazadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an 15 noyabr kuni rafiqasi dunyo birinchi xonimlari ishtirokida Falastin uchun yig‘in qilayotganini aytib, ishtirokchi davlatlar rahbarlaridan ushbu tadbirni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan edi

IHT sammiti bahonasida turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qilib, Toshkentga kelgan Emina Erdo‘g‘an O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva vasiyligidagi “Zamin” fondi tomonidan tashkil etilgan "Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumida nutq so‘zlab, Falastindagi bolalar va ayollar dardini ochiq aytdi

Birinchi xonim Erdo‘g‘an qon to‘kilishini to‘xtatishning yagona yo‘li masalaga diniy va tarixiy rishtalardan, siyosiy va tijorat aloqalaridan xoli ravishda vijdon va rahm-shafqat nazari bilan qarash ekanini aytdi. 

U Myanma, Somali, Ukraina va Suriyada bo‘lgani kabi Falastinga nisbatan ham dunyodan xuddi shunday munosabatni kutayotganini bildirdi. Dunyoda hech bir shafqatsizlikni jim kuzata olmaydigan Turkiya, avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa doimiy tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan davom ettirishini aytdi. 

“Chunki biz bolalar o‘sib-ulg‘ayib, yer yuzini qonlari bilan emas, tabassumlari bilan bo‘yashlari mumkin bo‘lgan dunyoni xohlaymiz. Ularning nomlarini shahidlar ro‘yxatida emas, balki medallar, insoniyat manfaati uchun yaratilgan ixtirolar, kitoblar, san’at asarlarida ko‘rishni istaymiz. Osvensimda (Osvensimdagi konslager, Polsha – tahr.) oilasidan ayrilgan vijdonli yahudiylar Falastindagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun kurashar ekan, qirg‘inning genotsidga aylanayotganini kuzatib turmagan jamiyatlarning faryodi osmonga ko‘tarilgani sari insoniyatdan umidlarimiz ortib bormoqda”, deydi Emina Erdo‘g‘an.


Maqola muallifi

Teglar

Emina Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing