Boshidagi ro‘moli uchun dasturxondan chetlatilgan Emina Erdo‘g‘an
Olam
−
10:17 12557 2 daqiqa
Turkiya mediasi mamlakatning birinchi xonimi – Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bundan 22 yil avval Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti davlat va Hukumat rahbarlarining rasmiy qabul marosimiga faqatgina boshida ro‘moli bo‘lgani uchun kiritilmagani, oradan yillar o‘tib, bunday qabul marosimi uning o‘zi tomonidan tashkil etilgani haqida bong urmoqda.
Gap shundaki, joriy yilning 7-8 iyul kunlari Turkiya NATO sammitiga mezbonlik qildi. Ayni voqelik Turkiyaning yaqin siyosiy va ijtimoiy tarixi xotiralardan o‘chmaydigan ramziy o‘zgarish sahnasiga aylanmoqda.
Oxirgi bor Turkiyada NATO sammiti 2004 yil o‘tkazilgandi. O‘shanda sammitga Istanbul shahri mezbonlik qilgan. Hozirgi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘sha vaqtda Hukumat rahbari edi.
O‘sha paytdagi Prezident Ahmad Najdad Sezar sammit doirasida jahon yetakchilari va ularning rafiqalarini rasmiy kechki ovqatda mehmon qilishi kerak edi. Ammo o‘sha tunda turk siyosiy tarixiga qora dog‘ va "diplomatik chetlatish" harakati sifatida kiradigan voqea sodir bo‘ldi.
O‘sha paytdagi Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘anga yuborilgan rasmiy taklifnoma bir kishilik, ya’ni uning turmush o‘rtog‘i taklif qilinmadi. Ushbu ataylab qilingan diplomatik manyovr ortidagi yagona maqsad – Bosh vazirning rafiqasi Emina Erdo‘g‘anni faqat boshida ro‘moli bo‘lgani uchungina davlatning rasmiy ziyofatida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish, uni o‘z mamlakatida "keraksiz shaxs" deb e’lon qilish edi. O‘sha kuni Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyat oldida davlatning korporativ obro‘siga putur yetkazmaslik uchun kechki ovqatga yolg‘iz bordi. Tadbirning mezboni bo‘lsa-da, unda begonadek munosabat ko‘rdi.

Oradan 22 yil o‘tib, Turkiya yana NATO sammitiga mezbonlik qilmoqda. Ammo bu safar manzara butunlay boshqa. Bir paytlar ro‘molini sabab eshik ortidan qoldirilgan Emina Erdo‘g‘an bugun Prezidentlik saroyida mezbonlarni qarshilamoqda. Jahon diplomatiyasining markazida va eng ko‘zga ko‘ringan joyida dunyo yetakchilari va ularning rafiqalarini shaxsan kutib oldi. Turk mediasi ayni vaqtda 22 yil davomidagi farq, siyosiy vaziyatning o‘zgarishi va mamlakatning tutgan o‘rnini taqqoslamoqda.
Live
Barchasi